Milliardlab insonlar koʻngliga ertangi kunidan xavotir tuygʻusi tushdi. Hanuz bu hissiyot, qoʻrquv koʻpchilikni tark etgani yoʻq. Jumladan, yurtdoshlarimiz irodasi va sabr-matonatini ham jiddiy sinovdan oʻtkazdi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti oʻtgan yilning 11-martida koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyatga pandemiya, deb baho bergan davrdan shu kunga qadar COVID-19 221 mamlakatda qayd etildi. Koronavirus aniqlanganlar soni 110 milliondan, kasallikdan vafot etganlar 2,4 milliondan oshdi. Ilm-fan, tibbiyot, nanotexnologiyalar taraqqiy etgan davrimizda shunchalik talafot kuzatilgani pandemiya insoniyatni nechogʻliq murakkab ahvolga solib qoʻyganidan dalolat beradi.

Insoniyat turli xastaliklar bilan kurashib kelyapti. Bu kurashda kasallikka qarshi immun tizimini hosil qiluvchi vaksinalar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, pandemiya tarqalishi bilan dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlari koronavirus vaksinasini yaratish yoʻlida qattiq izlanishga kirishdi. Mana shu intilishlar natijasida bugungi kunda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va Hindistonning yirik farmatsevtika kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan oʻn toʻrtta vaksina JSSTda tasdiqdan oʻtkazish hamda uchinchi bosqich klinik sinovlari jarayonida. Butun insoniyat shularga umid nigohini qaratgan.

JSST talabiga koʻra, har qanday vaksina bir yil davomida klinik sinovlardan oʻtgandan keyingina roʻyxatga olinadi. Biroq koronavirus infeksiyasining keskin tarqalishi hamda oʻlim koʻrsatkichining yuqoriligi sababli COVID-19 ga qarshi ikkita vaksina (Pfizer va AstraZeneca) favqulodda foydalanish uchun roʻyxatga olindi.

Ayrim mamlakatlarda koronavirus bilan bogʻliq epidemiologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida JSST roʻyxatga olmagan yoki uchinchi bosqich klinik sinovlari yakunlanmagan vaksinalar favqulodda holatni inobatga olgan holda ommaviy emlashga tavsiya etildi.

Dunyo aholisining oʻn uch foizini tashkil etadigan Yevropa Ittifoqiga aʼzo yigirma sakkiz mamlakat va toʻrtta yirik davlat (AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya va Yaponiya) koronavirusga qarshi vaksinalarning dunyo boʻyicha uchdan ikki qismiga buyurtma bergani, shuningdek, unga boʻlgan talab yuqoriligi hamda ishlab chiqarish quvvati yetarli emasligi tufayli jahon miqyosida taqchillik kuzatilmokda. Vaholanki, buyurtma berilgan ayrim vaksinalarning, hatto klinik sinovlari ham yakunlanmagan.

Yevropa mamlakatlari orasida aholini ­ommaviy emlash koʻrsatkichi shu yilning 15-fevral holatiga koʻra, Buyuk Britaniyada 0,8 foiz, Germaniyada 1,3 foiz, Italiyada 2 foiz, Fransiyada 0,6 foiz, Ispaniyada 1,9 foizni tashkil etdi. Har yuz ming kishiga nisbatan emlangan aholi koʻrsatkichi boʻyicha Malta birinchi oʻrinni egalladi. Yevropa komissiyasi shu yil yoz mavsumi oxirigacha aholining yetmish foizini emlashni rejalashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqida faqat Pfizer/BioNTech, Moderna va AstraZeneca vaksinalari maʼqullangan hamda ulardan foydalanish tavsiya etilgan. Biroq ishlab chiqaruvchilar vaqt nuqtayi nazaridan ushbu preparatlarni yetarli miqdorda ishlab chiqarish uchun quvvat yetishmasligini qayd etmoqda.

Mana shunday murakkab vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi farmoyishiga binoan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi hamda hukumat tomonidan aholini koronavirusga karshi ommaviy emlash yuzasidan qator chora-tadbirlar bajarilmoqda.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz aholisini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish xarajatlariga yoʻnaltirilgan 3 trillion soʻm mablagʻ hisobidan amalga oshirilishi belgilangan. Xalqimiz salomatligini saqlash yoʻlida davlatimiz bundan ham koʻprogʻiga qodir. Zero, ayni paytda xalqimizni koronavirusga qarshi emlash jarayoniga qaratilgan eʼtibor rivojlangan mamlakatlar darajasida ekani eʼtirof etilayotir.

Yurtdoshlarimizni ommaviy emlash maqsadida dunyoning 12 ta farmatsevtika kompaniya­si hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan COVID-19 ga qarshi vaksinalarni tezkor yetkazib berish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. Koronavirusga qarshi emlashning xalqimiz uchun eng samarali va tezkor yoʻllari izlanyapti. Bu jarayonda Sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda yurtimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, ommaviy emlashga tayyorgarlik doirasida oʻzbekistonlik bir guruh mutaxassislar “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga xizmat safariga yuborildi. Safar davomida “Sputnik V” vaksinasini ­Oʻzbekistonga yetkazib berish hamda yurtimiz fuqarolarini mazkur vaksina bilan emlagan holda Rossiya Federatsiyada ishlashiga ruxsat berish masalalari ham muhokama qilindi.

Mamlakatimizga taqdim etilgan yuz doza miqdoridagi “Sputnik V” vaksinasining laboratoriya tekshiruvlari hamda Rossiyada oʻtkazilgan uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari asosida Oʻzbekiston Respublikasida sertifikatlangan holda ommaviy qoʻllashga ruxsat etildi. Hozir Rossiya investitsiya fondi bilan bir million doza “Sputnik V” vaksinasini xarid qilish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Yuqorida aytganimizdek, mamlakatimizga koronavirusga qarshi vaksina keltirish borasida barcha imkoniyat va vositalardan foydalanishga harakat qilinyapti. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi GAVI (Vaksinalar va immunizatsiya boʻyicha global alyans) tashkilotining COVAX (koronavirusga qarshi emlash mexanizmi) fondiga aʼzo davlatlar qatoriga kiritilgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur fond hisobidan yurtimiz aholisining yigirma foizini koronavirusga qarshi emlash uchun yetarli miqdorda vaksina keltirish uchun buyurtma tayyorlanib, GAVI tashkilotiga taqdim etilgan. COVAX fondi dunyo boʻylab vaksinalarni ishlab chiqarish imkoniyatidan kelib chiqqan holda, shu yilning yarmigacha mamlakatimizga 2,64 million doza AstraZeneca vaksinasi bosqichma-bosqich yetkazib berilishini maʼlum qildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ­Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi chogʻida Innovatsion rivojlanish vazirligi ­(Oʻzbekiston) hamda Fan va texnika vazirligi (Xitoy) oʻrtasida Ilmiy-texnik hamkorlik boʻ­yicha quyi qoʻmita faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi. Mazkur qoʻmita tomonidan koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishda hamkorlik oʻrnatish boʻyicha amaliy choralar koʻrildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya ins­tituti va ushbu mamlakatning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi hamkorligida koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksinasi boʻyicha tadqiqotlar olib borildi.

Hamkorlik doirasida Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida uch tomonlama shartnoma asosida koronavirusga qarshi “ZF 2001” vaksinasi boʻyicha klinik tadqiqotlar oʻtkazish yuzasidan bitim imzolandi.

Vaksinalar yaratilishi boʻyicha toʻrt xil xususiyatga ega boʻladi.

Birinchisi, kuchsizlantirilgan SARS-CoV-2 vaksinasi boʻlib, organizmga yuborilganda virus qayta faollashishi hamda koronavirus infeksiyasini keltirib chiqarishi mumkin.

Ikkinchisi, m-RNK turdagi vaksina himoya qobigʻiga oʻralgan koronavirus genomi fragmenti asosida yaratiladi. Bu yangi texnologiya boʻlib, oldin qoʻllanilmagan. Inson salomatligiga taʼsiri nomaʼlum. -70°S yoki -80°S sharoitda saqlash lozim. Biroq bunday imkoniyat faqat maxsus laboratoriyalarda mavjud.

Uchinchisi, adenovirus vektorli vaksinalar adenovirus asosida sunʼiy yaratilgan virus va koronavirus oqsilini kodlovchi gen boʻlagidan tashkil topgan. Odam organizmiga koronavirus DNK boʻlagi kirgach, koronavirusning tuzilish oqsili sintezlanadi. Yot DNK boʻlagining odam genomiga integratsiyalashish ehtimoli mavjud.

Toʻrtinchisi, rekombinant oqsil vaksinalari koronavirus tashqi oqsili biotexnologik usul bilan sintezlanib olinadi. Organizmga yuborilganda oqsilga nisbatan immun javob hosil boʻladi. Boshqa turdagi vaksinalar bilan solishtirganda, eng yuqori xavfsizlik profiliga ega. Soʻnggi oʻn yilda keng qoʻllangan vaksina turi hisoblanadi. Gepatit, papilloma, pnevmoniya, meningakokk va boshqa xastaliklarga qarshi immunitet hosil qilish uchun qoʻllangan. Saqlash sharoiti ham mavjud imkoniyatlarga mos: +2°S dan +8°S gacha muhitda saqlash mumkin.

“ZF 2001” vaksinasi rekombinant oqsil vaksinalari turkumiga mansubligi hamda nojoʻya taʼsirlar yuzaga kelishi boshqa turdagi vaksinalarga nisbatan kamligi inobatga olinib, uning klinik tadqiqotlarini hamkorlikda oʻtkazishga qaror qilindi. Mazkur vaksinaning bir va ikki bosqichli klinik sinovlari natijalariga koʻra nojoʻya taʼsiri 0,3-0,5 foizdan kam boʻlgan.

Rekombinant oqsilli “ZF 2001” vaksinasi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tomonidan belgilangan tartibda barcha xavfsizlik koʻrsatkichlari sinovidan oʻtkazildi. Uning ijobiy natijalari asosida aholi orasida uchinchi bosqich klinik sinovlarga ruxsat berildi.

Ushbu tadqiqotlar hamkorlikda oʻtgan yilning noyabr oyidan buyon Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasining sakkiz nafar ilmiy xodimi va mamlakatimizdan oʻttiz nafar olim hamda 112 nafar tibbiyot xodimi ishtirokida yurtimizda oʻtkazilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, “ZF 2001” vaksinasining uchinchi bosqich klinik sinovlari dastlabki bosqichi tibbiyot xodimlari tomonidan klinik sinovda qatnashuvchi shaxslarning tibbiy nazoratini tizimli tashkil etish uchun Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya koʻngilli xizmatchilarida oʻtkazilishi belgilandi.

Tadqiqotlarda har bir koʻngilli ishtirokchi 28 kun oraligʻida uch dozada “vaksina/platsebo” sxemasida emlanishi koʻzda tutildi. Bugungi kunga qadar (2021-yil 24-fevral holatiga koʻra) 6 ming 835 kishi birinchi, 4064 kishi ikkinchi, 254 nafar koʻngilli uchinchi doza bilan emlandi. Klinik sinovda qatnashuvchilar umumiy oʻn marotaba poliklinikaga kelib, koʻrikdan oʻtishi belgilangan. Sinov ishtirokchilarining birinchi emlashdan keyin yetti kun davomida, keyingi har bir emlashdan soʻng sakkizinchi kuni tibbiy koʻrikdan oʻtishi taʼminlanmoqda. Shuningdek, har uch kunda Sall-center xodimlari telefon orqali bogʻlanib, koʻngillilarning ahvolidan muntazam xabardor boʻlmoqda.

Bizni xursand qilgan natija shuki, Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda ­Oʻzbekistonning hissasi va saʼy-harakatlarini inobatga olib, mamlakatimizni “ZF 2001” vaksinasini birga yaratgan hammuallif davlat sifatida ­eʼtirof etdi. Ushbu yangi vaksinani “ZF-UZ-VAC 2001” nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va undan foydalanishga rozilik bildirildi.

Bugungi kunda vaksinaning mamlakatimizda uchinchi bosqich sinovlari muvaffaqiyatli oʻtkazilayotgani va ­Oʻzbekistonning ushbu vaksinani yaratish va ishlab chiqarishda hammuallif davlat etib belgilangani inobatga olinib, “ZF-UZ-VAC 2001” vaksinasini favqulodda vaziyatlarda foydalanishga ruxsat berish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Vaksina hammuallifi sifatida tan olinish mamlakatimizga koʻplab yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Avvalo, emlash vositasi yurtimizda ishlab chiqariladi. Oʻzbekiston brendi sifatida dunyoga taniladi. Mintaqa aholisiga vaksina yetkazib beruvchi davlat maqomiga erishamiz. Shunday boʻlgach, yurtdoshlarimizni koronavirusga qarshi emlash jahondagi vaksina ishlab chiqaruvchilar taklif etgan qiymatdan ancha arzonga tushadi. Bu — pandemiya hali-hamon insoniyatni tahlikada tutib turgan bir payt­da dunyoning koʻplab davlatlari havas qilgulik muvaffaqiyat.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash ishlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni amalga oshirish bilan bogʻliq vazifalar belgilab olindi. Unga muvofiq, xalqaro tajriba asosida xavf guruhiga kiruvchi shaxslar, yaʼni dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 4 milliondan ziyod aholini birinchi navbatda emlash rejalashtirilmoqda. Bu toifaga 65 yoshdan yuqori qariyalar, tibbiyot xodimlari, surunkali kasallikka chalinganlar, maktabgacha taʼlim va umumtaʼlim muassasalari xodimlari, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari kiritilgan.

Ayni paytda emlanishi zarur boʻlgan shaxs­larning elektron roʻyxatini shakllantirish,

3 ming 138 ta emlash punkti, 862 ta harakatdagi va mobil brigada faoliyatini yoʻlga qoʻ­yish ishlari olib borilyapti. Bitta markaziy, oʻn toʻrtta hududiy hamda 206 ta tuman (shahar) vaksina saqlash joyi mavjud boʻlib, ulardagi

457 ta sovitkich, 148 ta elektr generatori,

121 ta termosumka va termokonteynerlar shay holatga keltirildi.

Bundan tashqari, aholini koronavirusga qarshi emlashga talab yuqori boʻlgan taqdirda, hududlardagi sport inshootlari yoki boshqa binolar, hozir konservatsiya qilingan taqsimlash va saralash markazlarida vaksinatsiya tadbirlarini ommaviy tashkil etish rejalashtirilgan. “Sovuqlik zanjiri” tizimini saqlagan holda vaksinalarni hududlar orqali tashish uchun mamlakatimizga oʻn yettita avtorefrijerator va ikki yuz oltita mini-avtorefrijerator keltirildi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa hududiy byurosi hamkorligida shu yilning 21-27-fevral kunlari aholini emlash jarayoniga jalb etiladigan tibbiyot xodimlari koronavirusga qarshi emlash boʻyicha qayta va toʻliq tayyorgarlikdan oʻtkaziladi.

Davlatimiz rahbari koronavirus yurtimizga kirib kelgan ilk kunlardan boshlab xalqimiz salomatligini muhofaza etishga barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilishini taʼkidlab keladi. Oʻtgan davr mobaynida bu borada salmoqli natijalarga erishganimiz Prezidentimiz aytgan soʻzlar amalda oʻz ijobatini topayotganidan dalolatdir.

Shahlo TURDIQULOVA,

innovatsion rivojlanish vazirining

birinchi oʻrinbosari