Prezidentimizning “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmoni ham ana shunday muhim xabarlardan biri boʻldi. Farmonga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 215 fuqaro afv etildi.

Aytish kerakki, bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar va yangilanishlar jarayonida xalqimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, orzu umidlarini, intilishlarini toʻla roʻyobga chiqarishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga eng ustuvor vazifa sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu jarayonda adashib, nomaqbul yoʻlga kirgan, ammo kech boʻlsa-da oʻz qilmishi xatoligini anglab yetib, chin dildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan yurtdoshlarimizning sogʻlom hayotga qaytishiga imkon berish va ularni qoʻllab-quvvatlash borasida ham muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Ularga nisbatan afv instituti qoʻllanilib, oilasi va xalqimiz oldida oʻzini oqlashi, hayotdan oʻrnini topishi, halol mehnat qilib, turmush tarzini izga tushirishi uchun imkoniyat berilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, oxirgi besh yilda yurtimizda 16-marta afv eʼlon qilinib, 4965 fuqaro afv etilgani xalqimizga xos bagʻrikenglik, insonparvarlik, kechirimlilik va olijanoblikning yaqqol namunasidir.

– Afv institutining joriy etilishi inson huquqlari borasida olib borilayotgan islohotlarning muhim koʻrinishi boʻldi, – dedi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova. – Bu yurtimizda inson huquqlari sohasida nafaqat demokratik va insonparvarlik tamoyillariga, balki xalqaro standartlarga ham rioya etilishini yaqqol namoyon etadi. Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami arafasida yana 215 nafar shaxs ana shu imkoniyatdan bahramand boʻldi. Aytish joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu xayrli ishlar xalqimiz, qolaversa, jahon hamjamiyati tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlanmoqda. Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlishida ham yurtimizda inson huquqlari sohasida roʻy berayotgan ana shunday yangilanishlar muhim omil boʻlmoqda.

– Afv etish Prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlaridan biri hisoblanadi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri oʻrinbosari Xudoyor Meliyev. – Amnistiya aktidan farqli ravishda afv muayyan shaxslar uchun ularning shaxsini tasdiqlovchi maʼlumotlarni, yoshi, jismoniy, oilaviy holati va boshqa jihatlarni eʼtiborga olib jazodan ozod qilish sanaladi. Afv toʻrt xil shaklda amalga oshiriladi. Asosiy va ijro etilmagan qoʻshimcha jazodan toʻliq yoki qisman ozod qilish, muddatidan ilgari shartli ozod qilish, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini yoki jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish va sudlanganlikni olib tashlash bilan bogʻliq. Prezidentimiz farmoniga muvofiq, afv etilganlarning 3 nafari asosiy jazodan toʻliq ozod etildi, 127 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 73 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi. Boshqacha aytganda, 142 nafar mahkum jazo muassasasidan chiqib, oilasi bagʻriga qaytadi.

– Ozodlik ulkan baxt. Uning qadrini hamisha anglab yetolmaymiz, – deydi avf etilganlardan biri. – Ayniqsa ayol, ona uchun oilasi, farzandlari diydoridan ortiq boylik yoʻq. Afsuski, men buni kech angladim, adashib xatoga yoʻl qoʻydim. Shu xatoimni kechirib meni oilamga qaytargan Prezidentimizdan bir umr minnatdorman. Bu ishonchni, albatta, halol mehnatim bilan oqlayman.

– 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edim, – deydi afv etilganlardan yana biri. – Ota-onamga, yaqinlarimga ham koʻp tashvish tugʻdirdim, tinchini buzdim. Garchi qilmishimga ming karra pushaymon boʻlsam-da, muddatidan ilgari ozodlikka chiqaman, ota-onam bagʻriga qaytaman, deb umid qilmasdim. Prezidentimizga, xalqimizga katta rahmat. Men singari adashganlarga toʻgʻri hayotga qaytish uchun imkon berildi. Bu imkoniyatni juda yuksak qadrlayman. Hozir yoshlar tadbirkorlik qilishi, oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilyapti. Men ham shundan foydalanib, halol mehnatim bilan ota-onam, xalqimizga xizmat qilmoqchiman.

Farmonda afv etilgan shaxslar oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytib, ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shugʻullanishi, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishida ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

– Prezidentimizning ushbu farmonida belgilangan vazifalar ijrosiga hozirdanoq kirishildi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Yahyojon Abdulhaqov. – Afv etilganlar ichki ishlar idoralari xodimlarining bevosita kuzatuvida yashash manzillariga yetkazildi. Endi ishlarimizning ikkinchi bosqichi boshlanadi. Tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda afv etilganlarni oilaga, jamiyatga moslashtirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bu jarayonda ularga har tomonlama koʻmak beriladi. Jumladan, kasbga yoʻnaltirish, ish bilan taʼminlash, davolanishga muhtoj boʻlsa sogʻligʻini tiklashi va boshqa ehtiyojlari oʻrganilib amaliy yordam koʻrsatiladi. Mahalla faollari va keng jamoatchilik hamkorligida ular bilan doimiy uchrashuvlar tashkil etiladi. Maqsadimiz ularni qayta jinoyat sodir etishdan asrash va hayotdan oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashishdir.

Mustaqilligimizning 30 yilligi shodiyonalari shu taxlit koʻplab oilalarda qoʻshaloq shodiyonaga aylanib ketdi. Afv etilganlar orqali qancha-qancha oilalarga shodlik, quvonch va baxt kirib bordi. Farzandi diydorini zoriqib kutayotgan ota-onaning chiroq yoqsa yorishmaydigan koʻngli nurga chulgʻandi. Ota yoki onasidan ayro yashayotgan farzandlarning kemtik koʻngli nurafshon boʻldi. Bularning barchasi xalqimizga xos bagʻrikenglik, olijanoblik, kechirimlilik fazilatlarini oʻzida mujassam etgan afv institutining hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati yaqqol ifodasi etuvchi muhim dalillardir.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.