Ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash borasidagi davlat dasturlari ijobiy natijalarini bera boshladi. Albatta, bu yutuqlar xalqimizning sogʻlom kelajagi uchun qoʻyilgan mustahkam poydevordir. Xalqaro tajribalar asosida tizimni takomillashtirish va mamlakatimiz aholisi malakali tibbiy xizmatlardan bahramand boʻlishi uchun zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish eng dolzarb vazifalarimizdan.

Bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy xiz­matlar toʻgʻrisida fikr yuritganda, birlamchi tahlilni, eng avvalo, demografik koʻrsat­kichlardan boshlash maqsadga muvofiq. Mam­lakatimizda tugʻilish koʻrsatkichlari barqaror yuqori darajada saqlanib kelmoqda. Xususan, 2024-yilda 926 ming 400, 2025-yilda esa 879 ming 599 bola dunyoga kelgan. Yurtimiz aholi­sining 32 foizdan ortigʻini 18 yoshgacha bola­lar, 14 dan 30 yoshgacha boʻlganlar esa qariyb 26 foizni tashkil qiladi.

Shu oʻrinda 18 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar orasida eng koʻp uchraydigan kasalliklarga ham bir qur toʻxtalishimiz za­rur. Jumladan, qon va qon yaratish aʼzolari kasalliklari (kamqonlik) maktab yoshidagi bolalarning qariyb 28,4 foizida boʻlib, ushbu koʻrsatkich bolalar oʻrtasidagi kasallanish tuzilmasida eng yuqorisi. Shuningdek, nafas olish aʼzolari bilan bogʻliq, ovqat hazm qilish va endokrin tizimi kasalliklari koʻp uchraydi.

Mutaxassislarga koʻra, har yilgi tugʻilishlar soni qariyb bir millionga yetayotgan bir vaqtda bolalarga xizmat koʻrsatuvchi taxminan 3 ming shifokor yetishmaydi. Bolalarga mala­kali tibbiy xizmat koʻrsatishda tizimga tusha­yotgan yuklama yuqoriligi xizmatlar sifatli va samarali boʻlishiga tabiiy ravishda taʼsir qilmoqda. Bunday demografik sharoitda bola­lar tibbiyotiga alohida yondashuv va eʼtibor talab etilishi tabiiy.

Yurtimizda tibbiyot kadrlarini tayyor­lash uchun maxsus tizim yaratilgan. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining 6 yillik bakalavriat bosqichida taʼlim olgan “Pediatriya ishi” yoʻnalishi bitiruvchilari, yaʼni bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatadigan kadrlar umumiy amaliyot pediatri mutaxassisi sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Diplom­dan keyingi taʼlimda esa klinik ordinatura va magistratura mutaxassisliklari orqali ixtisoslashgan tor soha mutaxassislari, yaʼni bolalar jarrohlari, kardiolog va kardiojar­rohlari, nevrologlari, psixiatrlari, stomato­loglari va yuqumli kasalliklar shifokorlari tayyorlanadi.

Professional mutaxassis boʻlish tibbiy kadrlarning klinik amaliyotni tibbiyot baza­larida — ustozlari nazoratida mustaqil ama­liyot oʻtashi bilan bogʻliq. Buning uchun tibbiyot oliy taʼlim muassasalari klinik bazalari mavjud boʻlishi va talabalar, amaliyotchilar klinik ustozlari bilan doimiy birga boʻlib, kasalliklarni tashxislash va davolash jara­yonlarini amaliy mustahkamlashi muhim. Hi­sob-kitoblarga koʻra, tibbiy universitetlarda 26 mingga yaqin talaba tahsil olayotgan boʻlsa, talabalar amaliy shugʻullana olishi mumkin boʻlgan statsionarlarda taxminan ikki mingta koyka mavjud. Xalqaro standartlarda bu koʻr­satkich, yaʼni talabalar amaliy mashgʻulot oʻta­shi uchun biriktirilgan koykalar soni qancha koʻp boʻlsa, shuncha ijobiy baholanadi.

Shu bilan birga, kadrlar taʼminoti masa­lasi ham har qaysi davrda muttasil takomil­lashtirib borish talab etiladigan yoʻnalishlardan biri boʻlib kelgan. 2025-yil holatiga koʻra, respublikamizda jami 108 mingga yaqin shifokor faoliyat yuritadi. Yaʼni har 10 ming aholiga oʻrtacha 28,6 shifokor toʻgʻri keladi. Pe­diatrlar esa tizimdagi eng yirik guruh boʻlib, soni taxminan 18-19 ming nafarni tashkil etadi. Bir qarashda bu yetarlidek koʻrinsa-da, aholi tarkibida 11 milliondan ortiq bola mavjudligini hisobga olsak, sohada ixtisoslashgan kadrlarga ehtiyoj yil sayin oshib bo­rayotganini kuzatamiz.

Xalqaro tajriba koʻrsatadiki, MDHning ayrim davlatlarida amaldagi tizim bugungi mavjud holatimizga yaqin. Yevropa mamlakatla­rida esa taklif etilayotgan yangi tizimga uygʻun modellar mavjud. Ular yaxshi infratuzilma, yetarli malakali kadrlar hamda taʼlim jara­yonini metodik jihatdan qoʻllab-quvvatlash orqali oʻz imkoniyatlari va aholi ehtiyojlari­dan kelib chiqib, sifatli va samarali tizim­larni shakllantirgan.

Mamlakatimizda ham ayni tendensiya­larga asoslangan holda tizimni yanada mu­vofiqlashtirish hamda samarali, xalqchil koʻrinishga keltirish uchun qator saʼy-hara­katlar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi kunlarda “Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini tako­millashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Ushbu hujjat mamlakatimiz tibbiy taʼlim tizimini isloh qilish, kadr­lar tayyorlash sifatini oshirish va birinchi tibbiy boʻgʻinni mustahkamlashga qaratilgan.

Biroq ushbu qaror loyihasida jamoat­chilik va mutaxassislar orasida bahslarga sabab boʻlayotgan masalalardan biri oliy taʼlim muassasalaridagi “Pediatriya” taʼ­lim yoʻnalishini alohida ixtisoslik si­fatida saqlab qolmaslik va uni “Umumiy tibbiyot” tizimiga birlashtirish rejasi­dir. Mazkur masala nafaqat taʼlim siyosa­ti, balki millat salomatligi va demogra­fik barqarorlik nuqtayi nazaridan ham oʻta muhim. Qaror loyihasida tibbiy taʼlimni “5+1” formatiga oʻtkazish nazarda tutilgan. Ushbu model 5 yillik umumiy tibbiy taʼ­lim va 1 yillik amaliyotni (stajirovka) oʻz ichiga olib, asosiy maqsad sifatida oilaviy shifokorlar tayyorlashga qaratilgan.

Tizimda “Davolash ishi” va “Pediatriya” taʼlim yoʻnalishlari birlashtirilib, “Umu­miy tibbiyot” ixtisosligi shakllantirili­shi mumkin. Natijada talabalar 1-kursdan bolalar tibbiyotiga ixtisoslashgan holda emas, balki barcha yosh toifalari uchun umumiy tayyorgarlik koʻradi. Bir qarashda bu univer­sallashuv ijobiy koʻrinsa-da, mutaxassislar fikricha, mazkur yondashuv jiddiy xavflarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas. Xu­susan, bolalar tibbiyotiga ajratilgan soatlar qisqaradi, neonatologiya, bolalar fiziologiyasi, bolalar kasalliklari propedevtikasi va bolalar farmakologiyasi kabi muhim yoʻnalishlarda bilim chuqurligi pasayadi, erta tashxis qoʻyish imkoniyatlari cheklanadi. Bu esa kasal­liklar ogʻirlashishi va statsionarlarga yuklama ortishiga olib kelishi mumkin.

Pediatriya alohida klinik maktab hisoblanadi. Shu sababli bolalar kasalliklari­ni erta bosqichda aniqlashda pediatrlarning oʻrni beqiyos. Ilgari olingan tajribalar ham buning tasdigʻidir. Masalan, 1990 va 2000-yillar boshida qishloq vrachlik punktlari va umumiy amaliyot shifokorlari tizimi joriy etilgan, ammo bu jarayon bolalar kasallikla­rini kech tashxislash, murakkab holatlar soni ortishi va statsionarlarga ortiqcha yuklama kabi muammolarni keltirib chiqargan.

Xuddi shunday holatlar boshqa davlatlarda ham kuzatilgan. Masalan, Qozogʻistonda 2007-yilda pediatriya fakultetlari tugatilgan va umumiy amaliyot shifokorlari tayyorlash tizimiga oʻtilgan. Ammo 10 yildan soʻng — 2017-yilda pediatriya fakultetlari qayta tiklandi. Ushbu tajriba bolalar kasallikla­rini aniqlash sifati pasayishi, ota-onalar noroziligi, bolalar shifoxonalarida kadrlar tanqisligi va bolalar oʻlimi koʻrsatkichlari ortishi kabi sabablarga asoslangan. Bu shun­dan dalolat beradiki, pediatriyani umumiy tibbiyot bilan toʻliq almashtirish har doim ham samara bermaydi.

Ayni paytda sohadagi muammolar fuqaro­lar murojaatlarida ham oʻz aksini topmoqda. Xususan, dyushen mushak distrofiyasi bilan kasallangan bolalarning ota-onalari tomo­nidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bir necha bor murojaat qilingan. Ushbu muro­jaatlar tor ixtisoslik shifokorlari yetish­masligi, dori-darmon bilan taʼminlashda uzilishlar, reabilitatsiya va palliativ yordam masalalarini oʻz ichiga oladi.

Yangi oilaviy shifokorlik taʼlim yoʻna­lishini joriy etish zarur. Biroq joylarda ushbu yoʻnalish uchun toʻliq shart-sharoit va infratuzilma yaratilgunga qadar amaldagi tizimni shoshma-shosharlik bilan bekor qi­lish maqsadga muvofiq emas. Aksincha, mav­jud pediatriya va davolash ishi taʼlim yoʻna­lishlarini saqlab qolgan holda yangi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, unga talabalarni tanlov (imtihon) asosida qabul qilish va bitiruvchilar faoli­yatini amaliy jihatdan oʻrganish lozim deb hisoblaymiz.

Faqat shundan keyingina, yaʼni yangi tizim oʻzini amalda oqlasa, ijobiy natijalar bersa va mavjud taʼlim yoʻnalishlariga nisbatan ustunligi isbotlansa, pediatriya va davolash ishi taʼlim yoʻnalishlarini bosqichma-bosqich ushbu oilaviy shifokorlik tizimiga muvo­fiqlashtirish mumkin. Bu yondashuv, bir to­mondan, bugungi kunda pediatriya va davolash ishi taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalarning oʻqish jarayoni uzluksiz davom etishini taʼminlaydi, ikkinchi tomondan, yangi tizimning samaradorligini amalda si­novdan oʻtkazish imkonini beradi.

Mutaxassislar fikricha, bunday is­lohotlar kamida 10-15 yillik oʻtish dav­rini talab qiladi. Shu vaqt davomida oʻquv dasturlari qayta ishlanishi, oʻqi­tuvchilar qayta tayyorlanishi, klinik baza mustahkamlanishi va mustaqil baholash tizimi joriy etilishi kerak. Turli ama­liy tajribalarni ham sinovdan oʻtkazish imkoni mavjud. Masalan, har 3 ta oilaviy shifokor brigadasiga 1 ta pediatr-kon­sultant biriktirish modelini joriy etsa boʻladi. Bu orqali murakkab holatlarni pe­diatr koʻradi, emlash va profilaktika na­zorati kuchayadi hamda oilaviy shifokorlar uchun metodik yordam taʼminlanadi.

Tibbiy taʼlimni isloh qilish, shubha­siz, zarur jarayon. Biroq har qanday tibbiy islohotda asosiy mezon bemor xavfsizligi, ayniqsa, bolalar salomatligi boʻlishi lozim. Demografiya, bolalar ulushining kattaligi va pediatrlarga oʻsib borayotgan yuqori ehti­yoj sharoitida pediatriya taʼlim yoʻnalishini toʻliq bekor qilish yoki uni umumiy tibbiyot­ga keskin qoʻshib yuborish jiddiy xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun qaror loyihasini muhokama qilish jarayoni­da pediatriya taʼlim tizimini saqlab qolish, oilaviy tibbiyot bilan uygʻunlashgan aralash modelni joriy etish va islohotlarni bosqich­ma-bosqich amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Zotan, bolalar salomatligi nafaqat tibbiyot sohasi, balki millat kelajagi masalasidir.

Sevara UBAYDULLAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati