Ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash borasidagi davlat dasturlari ijobiy natijalarini bera boshladi. Albatta, bu yutuqlar xalqimizning sogʻlom kelajagi uchun qoʻyilgan mustahkam poydevordir. Xalqaro tajribalar asosida tizimni takomillashtirish va mamlakatimiz aholisi malakali tibbiy xizmatlardan bahramand boʻlishi uchun zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish eng dolzarb vazifalarimizdan.
Bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar toʻgʻrisida fikr yuritganda, birlamchi tahlilni, eng avvalo, demografik koʻrsatkichlardan boshlash maqsadga muvofiq. Mamlakatimizda tugʻilish koʻrsatkichlari barqaror yuqori darajada saqlanib kelmoqda. Xususan, 2024-yilda 926 ming 400, 2025-yilda esa 879 ming 599 bola dunyoga kelgan. Yurtimiz aholisining 32 foizdan ortigʻini 18 yoshgacha bolalar, 14 dan 30 yoshgacha boʻlganlar esa qariyb 26 foizni tashkil qiladi.
Shu oʻrinda 18 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar orasida eng koʻp uchraydigan kasalliklarga ham bir qur toʻxtalishimiz zarur. Jumladan, qon va qon yaratish aʼzolari kasalliklari (kamqonlik) maktab yoshidagi bolalarning qariyb 28,4 foizida boʻlib, ushbu koʻrsatkich bolalar oʻrtasidagi kasallanish tuzilmasida eng yuqorisi. Shuningdek, nafas olish aʼzolari bilan bogʻliq, ovqat hazm qilish va endokrin tizimi kasalliklari koʻp uchraydi.
Mutaxassislarga koʻra, har yilgi tugʻilishlar soni qariyb bir millionga yetayotgan bir vaqtda bolalarga xizmat koʻrsatuvchi taxminan 3 ming shifokor yetishmaydi. Bolalarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatishda tizimga tushayotgan yuklama yuqoriligi xizmatlar sifatli va samarali boʻlishiga tabiiy ravishda taʼsir qilmoqda. Bunday demografik sharoitda bolalar tibbiyotiga alohida yondashuv va eʼtibor talab etilishi tabiiy.
Yurtimizda tibbiyot kadrlarini tayyorlash uchun maxsus tizim yaratilgan. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining 6 yillik bakalavriat bosqichida taʼlim olgan “Pediatriya ishi” yoʻnalishi bitiruvchilari, yaʼni bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatadigan kadrlar umumiy amaliyot pediatri mutaxassisi sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Diplomdan keyingi taʼlimda esa klinik ordinatura va magistratura mutaxassisliklari orqali ixtisoslashgan tor soha mutaxassislari, yaʼni bolalar jarrohlari, kardiolog va kardiojarrohlari, nevrologlari, psixiatrlari, stomatologlari va yuqumli kasalliklar shifokorlari tayyorlanadi.
Professional mutaxassis boʻlish tibbiy kadrlarning klinik amaliyotni tibbiyot bazalarida — ustozlari nazoratida mustaqil amaliyot oʻtashi bilan bogʻliq. Buning uchun tibbiyot oliy taʼlim muassasalari klinik bazalari mavjud boʻlishi va talabalar, amaliyotchilar klinik ustozlari bilan doimiy birga boʻlib, kasalliklarni tashxislash va davolash jarayonlarini amaliy mustahkamlashi muhim. Hisob-kitoblarga koʻra, tibbiy universitetlarda 26 mingga yaqin talaba tahsil olayotgan boʻlsa, talabalar amaliy shugʻullana olishi mumkin boʻlgan statsionarlarda taxminan ikki mingta koyka mavjud. Xalqaro standartlarda bu koʻrsatkich, yaʼni talabalar amaliy mashgʻulot oʻtashi uchun biriktirilgan koykalar soni qancha koʻp boʻlsa, shuncha ijobiy baholanadi.
Shu bilan birga, kadrlar taʼminoti masalasi ham har qaysi davrda muttasil takomillashtirib borish talab etiladigan yoʻnalishlardan biri boʻlib kelgan. 2025-yil holatiga koʻra, respublikamizda jami 108 mingga yaqin shifokor faoliyat yuritadi. Yaʼni har 10 ming aholiga oʻrtacha 28,6 shifokor toʻgʻri keladi. Pediatrlar esa tizimdagi eng yirik guruh boʻlib, soni taxminan 18-19 ming nafarni tashkil etadi. Bir qarashda bu yetarlidek koʻrinsa-da, aholi tarkibida 11 milliondan ortiq bola mavjudligini hisobga olsak, sohada ixtisoslashgan kadrlarga ehtiyoj yil sayin oshib borayotganini kuzatamiz.
Xalqaro tajriba koʻrsatadiki, MDHning ayrim davlatlarida amaldagi tizim bugungi mavjud holatimizga yaqin. Yevropa mamlakatlarida esa taklif etilayotgan yangi tizimga uygʻun modellar mavjud. Ular yaxshi infratuzilma, yetarli malakali kadrlar hamda taʼlim jarayonini metodik jihatdan qoʻllab-quvvatlash orqali oʻz imkoniyatlari va aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, sifatli va samarali tizimlarni shakllantirgan.
Mamlakatimizda ham ayni tendensiyalarga asoslangan holda tizimni yanada muvofiqlashtirish hamda samarali, xalqchil koʻrinishga keltirish uchun qator saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi kunlarda “Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Ushbu hujjat mamlakatimiz tibbiy taʼlim tizimini isloh qilish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va birinchi tibbiy boʻgʻinni mustahkamlashga qaratilgan.
Biroq ushbu qaror loyihasida jamoatchilik va mutaxassislar orasida bahslarga sabab boʻlayotgan masalalardan biri oliy taʼlim muassasalaridagi “Pediatriya” taʼlim yoʻnalishini alohida ixtisoslik sifatida saqlab qolmaslik va uni “Umumiy tibbiyot” tizimiga birlashtirish rejasidir. Mazkur masala nafaqat taʼlim siyosati, balki millat salomatligi va demografik barqarorlik nuqtayi nazaridan ham oʻta muhim. Qaror loyihasida tibbiy taʼlimni “5+1” formatiga oʻtkazish nazarda tutilgan. Ushbu model 5 yillik umumiy tibbiy taʼlim va 1 yillik amaliyotni (stajirovka) oʻz ichiga olib, asosiy maqsad sifatida oilaviy shifokorlar tayyorlashga qaratilgan.
Tizimda “Davolash ishi” va “Pediatriya” taʼlim yoʻnalishlari birlashtirilib, “Umumiy tibbiyot” ixtisosligi shakllantirilishi mumkin. Natijada talabalar 1-kursdan bolalar tibbiyotiga ixtisoslashgan holda emas, balki barcha yosh toifalari uchun umumiy tayyorgarlik koʻradi. Bir qarashda bu universallashuv ijobiy koʻrinsa-da, mutaxassislar fikricha, mazkur yondashuv jiddiy xavflarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas. Xususan, bolalar tibbiyotiga ajratilgan soatlar qisqaradi, neonatologiya, bolalar fiziologiyasi, bolalar kasalliklari propedevtikasi va bolalar farmakologiyasi kabi muhim yoʻnalishlarda bilim chuqurligi pasayadi, erta tashxis qoʻyish imkoniyatlari cheklanadi. Bu esa kasalliklar ogʻirlashishi va statsionarlarga yuklama ortishiga olib kelishi mumkin.
Pediatriya alohida klinik maktab hisoblanadi. Shu sababli bolalar kasalliklarini erta bosqichda aniqlashda pediatrlarning oʻrni beqiyos. Ilgari olingan tajribalar ham buning tasdigʻidir. Masalan, 1990 va 2000-yillar boshida qishloq vrachlik punktlari va umumiy amaliyot shifokorlari tizimi joriy etilgan, ammo bu jarayon bolalar kasalliklarini kech tashxislash, murakkab holatlar soni ortishi va statsionarlarga ortiqcha yuklama kabi muammolarni keltirib chiqargan.
Xuddi shunday holatlar boshqa davlatlarda ham kuzatilgan. Masalan, Qozogʻistonda 2007-yilda pediatriya fakultetlari tugatilgan va umumiy amaliyot shifokorlari tayyorlash tizimiga oʻtilgan. Ammo 10 yildan soʻng — 2017-yilda pediatriya fakultetlari qayta tiklandi. Ushbu tajriba bolalar kasalliklarini aniqlash sifati pasayishi, ota-onalar noroziligi, bolalar shifoxonalarida kadrlar tanqisligi va bolalar oʻlimi koʻrsatkichlari ortishi kabi sabablarga asoslangan. Bu shundan dalolat beradiki, pediatriyani umumiy tibbiyot bilan toʻliq almashtirish har doim ham samara bermaydi.
Ayni paytda sohadagi muammolar fuqarolar murojaatlarida ham oʻz aksini topmoqda. Xususan, dyushen mushak distrofiyasi bilan kasallangan bolalarning ota-onalari tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bir necha bor murojaat qilingan. Ushbu murojaatlar tor ixtisoslik shifokorlari yetishmasligi, dori-darmon bilan taʼminlashda uzilishlar, reabilitatsiya va palliativ yordam masalalarini oʻz ichiga oladi.
Yangi oilaviy shifokorlik taʼlim yoʻnalishini joriy etish zarur. Biroq joylarda ushbu yoʻnalish uchun toʻliq shart-sharoit va infratuzilma yaratilgunga qadar amaldagi tizimni shoshma-shosharlik bilan bekor qilish maqsadga muvofiq emas. Aksincha, mavjud pediatriya va davolash ishi taʼlim yoʻnalishlarini saqlab qolgan holda yangi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, unga talabalarni tanlov (imtihon) asosida qabul qilish va bitiruvchilar faoliyatini amaliy jihatdan oʻrganish lozim deb hisoblaymiz.
Faqat shundan keyingina, yaʼni yangi tizim oʻzini amalda oqlasa, ijobiy natijalar bersa va mavjud taʼlim yoʻnalishlariga nisbatan ustunligi isbotlansa, pediatriya va davolash ishi taʼlim yoʻnalishlarini bosqichma-bosqich ushbu oilaviy shifokorlik tizimiga muvofiqlashtirish mumkin. Bu yondashuv, bir tomondan, bugungi kunda pediatriya va davolash ishi taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalarning oʻqish jarayoni uzluksiz davom etishini taʼminlaydi, ikkinchi tomondan, yangi tizimning samaradorligini amalda sinovdan oʻtkazish imkonini beradi.
Mutaxassislar fikricha, bunday islohotlar kamida 10-15 yillik oʻtish davrini talab qiladi. Shu vaqt davomida oʻquv dasturlari qayta ishlanishi, oʻqituvchilar qayta tayyorlanishi, klinik baza mustahkamlanishi va mustaqil baholash tizimi joriy etilishi kerak. Turli amaliy tajribalarni ham sinovdan oʻtkazish imkoni mavjud. Masalan, har 3 ta oilaviy shifokor brigadasiga 1 ta pediatr-konsultant biriktirish modelini joriy etsa boʻladi. Bu orqali murakkab holatlarni pediatr koʻradi, emlash va profilaktika nazorati kuchayadi hamda oilaviy shifokorlar uchun metodik yordam taʼminlanadi.
Tibbiy taʼlimni isloh qilish, shubhasiz, zarur jarayon. Biroq har qanday tibbiy islohotda asosiy mezon bemor xavfsizligi, ayniqsa, bolalar salomatligi boʻlishi lozim. Demografiya, bolalar ulushining kattaligi va pediatrlarga oʻsib borayotgan yuqori ehtiyoj sharoitida pediatriya taʼlim yoʻnalishini toʻliq bekor qilish yoki uni umumiy tibbiyotga keskin qoʻshib yuborish jiddiy xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun qaror loyihasini muhokama qilish jarayonida pediatriya taʼlim tizimini saqlab qolish, oilaviy tibbiyot bilan uygʻunlashgan aralash modelni joriy etish va islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Zotan, bolalar salomatligi nafaqat tibbiyot sohasi, balki millat kelajagi masalasidir.
Sevara UBAYDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati