“Xalqlar doʻstligi” metro bekatining ikkinchi chiqish joyi bir oydan koʻproq muddatga yopiladi

    Toshkent metropolitenidagi eskirgan eskalatorlar bosqichma-bosqich almashtiriladi. Shu munosabat bilan 10-fevraldan 20-martgacha “Xalqlar doʻstligi” metrosining ikkinchi vestbyuli, “Tashkent city” majmuasiga chiqish joyi ishlamaydi.

    Metropoliten faoliyatini takomillashtirish va xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida yer osti metro bekatlarida oʻrnatilgan eskalatorlarning oʻz xizmat muddatini oʻtab boʻlganlarini bosqichma-bosqich ravishda yangilariga almashtirish rejalashtirilgan. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar bermoqda.

    Qayd etlishicha, ushbu rejaviy ishlarning birinchi bosqichida “Xalqlar doʻstligi” metro bekatidagi eskalatorlarni zamonaviy turdagisiga almashtirish ishlari olib boriladi.

    Shu boisdan, “Xalqlar doʻstligi” metro bekatining ikkinchi vestibyuli (Tashkent city majmuasiga olib chiquvchi tomon) joriy yilning 10-fevral sanasidan boshlab, 20-mart sanasiga qadar yopiq boʻladi. Shuningdek, yoʻlovchilar uchun bekatning birinchi vestibyuli (“Xalqlar doʻstligi” saroyiga olib chiquvchi tomon) odatiy rejimda ish faoliyatini olib boradi.