Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov, professor Nurboy Jabborov, Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi rahbari Gulbahor Ashurova soʻzga chiqib, yurtimizda Alisher Navoiy ijodini oʻrganishga, adabiyotni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, uning asarlarini boshqa tillarga tarjima qilinishi va chet davlatlarda nashr etilishining ahamiyati xususida gapirib oʻtdi.

Ramiz Asqar tomonidan Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari ozar tiliga tarjima qilinib, 2021-yil mart oyida Ozarbayjonda chop etilgan. Ushbu yangi tarjima “Turksoy” kutubxonasi seriyasida nashr etilib, shu yili Bokuda taqdimoti boʻlib oʻtdi. Mazkur kitob Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi folʼklor instituti kengashi tomonidan nashrga tavsiya etilib, unga Isa Habibeyli muharrirlik qilgan. Taqrizchi Dilnavoz Yusupova. Feyziyat nashriyotida 500 nusxada chop etilgan.

Ramiz Asqarning navbatdagi ozar tilidagi tarjima asari 5 ta dostonni oʻzida jamlagan “Xamsa” boʻldi, deydi Oʻzbekiston-Ozarbayjon doʻstlik jamiyati raisi erkin Nuriddinov. Ushbu kitob Turksoy kutubxonasi seriyasida shu yilning dekabrʼ oyida Bokuda nashr etildi. Kitobning ilmiy muharrir professor Rafayel Xuseynov, muharrir Dilnavoz Yusupova. Naile Asker, Sayxun Aliyev noshirlik qilgan. Asar Ekoprint nashriyotida 1000 nusxada bosilgan. Albatta, bu kabi adabiy jarayonlar yoshlar maʼnaviyatini yuksalishida ahamiyatlidir, deb oʻylayman. Taqdimotda filologiya fanlari doktori, professor Ramiz Asqarning video maʼruzasi qoʻyib berildi. U maʼruzada Alisher Navoiyning maʼnaviy merosini koʻp yillardan buyon oʻrganishi, uning gʻazallarini, dostonlarini sevib mutolaa qilishi, mutaffakir sheʼriyatiga bagʻishlangan konferensiyalarda qatnashgani, asarlarining tarjimasi va nashr jarayonlari haqida aytib oʻtdi. Taqdimotda yigʻilganlar Oʻzbekiston-Ozarbayjon oʻrtasidagi adabiy aloqalar yanada mustahkamlanib, bardavom boʻlishini taʼkidlashdi.

Zulayho Ahmadjonova,

jurnalist