Noʻmon jigarida hech qachon muammo sezmagan. Ammo dard ogohlantirib kelmaskan. 2013 yili navbatdagi ko‘rik chog‘ida qonida V gepatiti virusi aniqlandi. U bunga unchalik ahamiyat bermadi. Yog‘li, hazmi og‘ir taomlarga ruju qo‘yish, boz ustiga, bir joyda o‘tirib ishlash, harakatsizlik, sport bilan ham deyarli shug‘ullanmaslik o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Borgan sari kasalligi og‘irlashdi.

2020 yili pandemiya boshlangan pallada koronavirusga chalindi. Uyda davolandi. Dard bir kelsa, ketishi qiyin ekan, o‘sha yili oxirida pnevmoniyaga yo‘liqib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Oxirgi betoblik jigariga qattiq zarba bo‘ldi. Butunlay to‘shakka mixlanib qoldi. Tahlil natijalari jigar salomatligi qayta tiklanmas bosqichga o‘tganini ko‘rsatdi. Omon qolishning birdan-bir yo‘li jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti edi.

Noʻmon dunyoning qaysi burchagida bunday amaliyot o‘tkazilishi bilan qiziqdi. Ehe, narxlar otning kallasi-ku! Bunday amaliyotlar Hindistonda  15-20, Turkiyada 25-30, Isroilda 100 ming, Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlarida 120-150 ming, AQSHda hatto 200 ming dollar evaziga bajarilarkan. Bu birgina jarrohlik amaliyoti uchun talab etiladigan mablag‘. Operasiyadan keyingi muolajalar, albatta, donor va hamroh bo‘lib borgan boshqa yaqinining yashash xarajati qo‘shiladigan bo‘lsa, bu mablag‘ 2-3 karra ko‘payishi tabiiy edi. Buncha pul qayoqda deysiz? Chorasizlik qarshisida ojiz, hayotga umidi tobora so‘nib borar, ammo ko‘z oldidan oilasi, farzandi ketmas, o‘zidan keyin ularning holi nima kechishi haqida o‘ylasa, o‘rtanib ketardi.

 Turmush o‘rtog‘ining daldasi bilan qayerda bo‘lmasin, jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga qaror qildi. Qo‘lidagi bor-budini sotdi, qarindosh-urug‘, do‘st-yor ham qarab turmadi. Amal-taqal qilib, turmush o‘rtog‘i Zumradxon hamrohligida Hindistonga yo‘l oldi.

 — Ayolim jigarining bir bo‘lagini berishga rozi bo‘ldi, — deydi Noʻmon Otaboyev. — 2021 yil martida operasiya qildirishga muvaffaq bo‘ldik. Operasiyaga tayyorlash jarayoni, amaliyot va undan keyingi jarayon uchun 80 kuncha vaqt ketdi. Yashash xarajati qimmat, qo‘limizdagi mablag‘ haminqadarligidan ezilardik. O‘zga yurt havosi, tilni yaxshi bilmasligimiz, narx-navo ancha toliqtirdi. Ahvolim bir oz o‘nglangach, ming qiyinchilik bilan uyga qaytdik.

O‘zi kabi shifo istab borganlar orasida jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatsiz kechgani tufayli vafot etgan, uni Vatanga olib ketish qarindoshlari uchun juda katta muammo bo‘lgan holatlarni ko‘rish azobli edi. Operasiyani o‘tkazib, uyga qaytganidan so‘ng xorijdagi shifokorlar bilan doimiy muloqotda bo‘lib turish, konsultasiyaga borish, to‘satdan tobi qochib qolsa, nima qilishini bilmaslik Noʻmonga ancha noqulaylik tug‘dirdi.

Shu yil 7 noyabrdan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining konsultativ poliklinikasida yurtimiz hamda chet elda jigar transplantasiyasi bajarilgan bemorlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi haqida aksiya e’lon qilindi. Noʻmon va ayoli mazkur maslahat va tekshiruvlar xirurgiya markazi hamda Rossiyaning akademik V.I.Shumakov nomidagi Milliy transplantologiya va sun’iy organlar tibbiy tadqiqot markazining yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda amalga oshirilishi haqida eshitib, tezda muassasa sari yo‘l oldi.

Garchi chet elda operasiya qildirib kelgan bo‘lsa-da, keyingi hayoti qanday kechayotgani bilan qiziqish, bemorlar holidan xabar olish, malakali shifokorlarning bepul ko‘rigi va maslahati Noʻmon va Zumradxon kabi yuzlab fuqarolarga dalda bo‘ldi. Shu yurtda yashayotgan har bir insonning qadri faqat qog‘ozlarda, hisobotda emas, amalda o‘z ifodasini topayotgani, buni har bir fuqaro o‘z hayoti misolida ko‘rib, his qilib turganini minnatdorlik so‘zlariyu rozilik balqib turgan nigohlarda ko‘rish qiyin emas.

Huquqiy asos

Bundan besh-olti yil oldin tibbiyotning eng murakkab, o‘ta mas’uliyatli va ayni paytda ehtiyoj ortib borayotgan yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan transplantologiya, ya’ni inson organlari va to‘qimalari (hujayralari)ni ko‘chirish masalasi muhokamali va o‘z yechimini kutayotgan muammolardan edi.

2017 yili 23 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining “Buyrak va (yoki) jigar bo‘lagi hamda gematopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini transplantasiya qilish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori imzolandi. O‘tgan vaqt davomida mamlakatimizdagi ikki yetakchi tibbiyot muassasasida organlar transplantasiyasi yo‘lga qo‘yildi. Toshkent nefrologiya shifoxonasi negizidagi Nefrologiya va buyrak transplantasiyasi ilmiy- amaliy markazi, shuningdek, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida yangi nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantologiyasi kafedrasi ochildi. Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda transplantologiya rivojiga turtki berdi.

2017 yildan buyon 80 dan ortiq mutaxassis xorijga o‘qishga yuborildi. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantologiyasi kafedrasida yurtimizning barcha hududidan 52 nafar mutaxassis donor va bemorlarni buyrak transplantasiyasiga tayyorlash, amaliyot o‘tkazilganlarni parvarishlash kurslarida tahsil oldi. Bundan tashqari, mazkur kafedrada buyrak transplantasiyasi mutaxassisligi kursi va bir yillik stajirovka joriy etildi. 2017 yil oktyabr oyidan joriy yil 1 noyabrgacha bo‘lgan vaqtda 1000 dan ortiq buyrak va 40 ga yaqin jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish operasiyasi amalga oshirildi. Operasiya lar soni yildan-yilga ortib borayotgan bo‘lsa-da, transplantasiyaga muhtoj bemorlar soni yuqoriligicha qolayotgan edi.

Prezidentimizning o‘tgan yil 4 oktyabr dagi “Xirurgiya xizmatini transformasiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida xirurgiya xizmatini yanada takomillashtirish, tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yurtimizda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish, tashxislash, operasiya qilish va davolash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, malakasini oshirish kabi qator vazifalar belgilab berildi.

Shu yil 11 mayda davlatimiz rahbari “Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantasiyasi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Mazkur hujjatning qabul qilinishi sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, aholining huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoyasiga qaratilgan davlat siyosatini amaldagi qonunchilik asoslari bilan to‘ldirish imkonini berdi.

— Yurtimizda uzoq yillar davomida mazkur yo‘nalish bo‘yicha qonunchilik asoslari yaratilmagani transplantologiyaning klinik fan sifatida to‘xtab qolishiga hamda kasallikka chalingan bemorlar hayotini saqlab qolish imkoniyati yo‘qotilishiga olib keldi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova. — Ushbu vaziyatda ba’zi bemorlar bu turdagi amaliyotlar qimmatligiga qaramay, xorijdagi tibbiyot muassasalarida operasiya qildirishga majbur bo‘lardi. Chet ellarda davolanish payti turli mashaqqat va katta miqdordagi xarajatlarga duch kelardi.

Fuqarolarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish va o‘ta og‘ir bemorlarning to‘laqonli hayotga qaytishiga imkon yaratish maqsadida ushbu qonun ishlab chiqildi. Uni tayyorlashda Germaniya, Polsha, Rossiya, Belarus, Ukraina, Moldova va AQSH kabi davlatlarning transplantasiya sohasiga oid qonunchiligi o‘rganildi.

— Qonun qabul qilinishi bilan donor bo‘ladigan shaxslar doirasi kengaytirildi va qarindosh donori yo‘q shaxslarga bu kabi operasiyalarni bajarishga qonuniy asosda imkoniyat yaratildi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi Po‘lat Sultonov. — Shuningdek, inson a’zolari va (yoki) to‘qimalari uning murdasidan transplantasiyaga olinishiga ham ruxsat berildi. Shu bois, transplantasiya amaliyoti bajariladigan muassasalar ro‘yxati kengaytirildi. 2017–2021 yilgacha jami 2 ta muassasada transplantasiya amaliyoti bajarilgan bo‘lsa, ayni paytda yurtimizning deyarli barcha hududida bu amaliyot yo‘lga qo‘yildi.

Qonun bilan transplantasiya qilinadigan inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi ta’qiqlangan.

 Hozir yurtimizda gemodializ muolajalarini olayotgan bemorlar soni 4 ming 258 nafar. Shulardan 1703 nafari (40 foizi) buyrak transplantasiyasi amaliyotiga muhtoj.

— Transplantasiya amaliyotiga muhtoj 1 ming 703 nafar bemorga gemodializ seanslarini o‘tkazish uchun bir yilda 12 million 262 ming AQSH dollari sarflanadi. Bitta gemodializ seansiga davlat hisobidan o‘rtacha 50 AQSH dollari talab etiladi. Agar yuqoridagi 1 ming 703 nafar bemorda buyrak transplantasiyasi o‘tkazilsa, operasiyadan keyingi qabul qilinadigan immunosupressor terapiyasi 2 million 44 ming AQSH dollariga teng bo‘ladi, — deydi Po‘lat Sultonov. — Buyrak transplantasiyasiga muhtoj 1 nafar bemorda operasiya o‘tkazilsa, operasiyadan keyingi davr (reabilitasiya)da 5 barobar mablag‘ iqtisod bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Buyragi kasallanganlar shifoxonaga uch kunda bir borib, gemodializ oladi. Bemor chekkaroq hududda yashayotgan bo‘lsa, qaysidir markaziy shifoxonaga borishi kerak. Xasta jonga yo‘l azobi — go‘r azobi. Kun ora 3-4 soat gemodializ qabul qilgan bemorlar juda qiynalib, charchaydi. Agar transplantasiya amalga oshirilsa, bunday qiyinchilikka barham beriladi. Operasiyadan keyin bemor o‘zini yaxshi his qiladi, kayfiyati joyiga tushadi. Gemodializ ayollarning farzand ko‘rish imkoniyatini kamaytiradi. Erkaklarda ham jiddiy asorat qoldiradi. Ammo a’zo ko‘chirilib o‘tkazilgandan keyin ham ota yoki ona bo‘lishdek ulug‘ baxtga erishgan bemorlar ko‘pligi transplantasiya amaliyotining umr davomiyligi, hayot sifati va mazmunini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.

Oramizdagi odamlar

Jisman sog‘lom va ruhan yetuk fuqaro har qanday jamiyatning boyligi sanaladi. Shu bois, mamlakatimizda inson salomatligini muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi. Bu borada qabul qilingan qator me’yoriy hujjatlarda xalqaro andozalar darajasidagi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini barpo etish, xalqimizni yanada sog‘lomlashtirish, el roziligiga erishishdek ulug‘ maqsad o‘z ifodasini topdi. Ayniqsa, transplantologiya yo‘nalishida sezilarli qadam tashlandi. Zero, buyrak, jigar yetishmovchiligi va boshqa og‘ir kasalliklari bo‘lgan bemorlarda transplantasiya o‘tkazish davolashning yagona radikal usulidir. Bu borada Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yetakchi klinika.

— Markaz va Virusologiya ilmiy- tadqiqot instituti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida diffuz jigar kasalligi bilan kasallangan bemorlar soni tahlil qilib kelinmoqda, — deydi xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Saidmurod Ismoilov. — O‘zbekistonda jigar sirrozi kasalligining klinik ko‘rinishlari yiliga 5000 kishida kuzatiladi. Ulardan 500 nafari har yili jigar transplantasiyasini talab qiladi. Bemorlarning aksariyati chet el (asosan, Hindiston, Turkiya, Isroil, Germaniya)ga ushbu turdagi amaliyotlarni o‘tkazish uchun boradi. Keyingi yillarda bunga zarurat qolmayapti. Eng murakkab jarrohlik amaliyoti markazimizning o‘zida, malakali mutaxassislar ko‘magida bajarilayotir.

Markazning gepatobiliar jarrohligi va jigar transplantasiyasi bo‘limida har oyda 2-3 ta jigar transplantasiyasi amalga oshiriladi. Shuningdek, 2023–2024 yillarda tibbiyot sohasidagi eng ilg‘or hududlarga ushbu turdagi amaliyotlarni joriy etish imkonini beradigan mintaqaviy mutaxassislar ham tayyorlanmoqda.

Bugun bunday amaliyotlarning yurtimizda aholi salomatligini asrash, xalqimizning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish borasidagi huquqini kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etyapti. Natijada sog‘lom muhit va farovon turmush qaror topib, oilalar butunligi, ota-onalar va bolalar, moʻtabar keksalarimizning minnatdorlik hamda shukronalik hissi bilan umrguzaronlik qilishiga zamin yaratmoqda.

Yaqinda markazda o‘zbek xirurgiyasi tarixida ilk bor bir paytning o‘zida yurak va buyrakda o‘tkazilgan noyob operasiya yana bir yurtdoshimizni hayotga qaytarib, unga yashash huquqini taqdim etdi. Yurak va buyrak inson organizmida o‘ta muhim funksiyalarni bajaradi. Ulardan birining faoliyati buzilsa, inson hayoti jiddiy xavf ostida qoladi. Bu ikki a’zoda bir vaqtning o‘zida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishini tasavvur qilib ko‘ring-a!

Davronbek Gʻoyipov 47 yoshda. To‘rtko‘l tumanida istiqomat qiladi. Yuqori qon bosimi, bosh og‘rig‘i, ko‘z xiralashishi va doimiy charchoq kabi asoratlardan aziyat chekib kelgan bemor o‘zida surunkali buyrak yetishmovchiligi borligidan xabar topgach, gemodializ muolajalarini ola boshlaydi. Ko‘p yillardan beri qandli diabet, gipertoniya kasalligi bilan og‘rib yurgani ahvolini yanada og‘irlashtirdi. Natijada joriy yil sentyabr oyida xirurgiya markaziga buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha murojaat qildi.

 Bemorga qizi Zebiniso Gʻoyipova donorlik qiladigan bo‘ldi.

 Buyrak transplantasiyasi juda uzoq vaqt davom etishi sababli bemorning yuragi bu murakkab operasiyaga qanchalik dosh bera olishini tekshirish lozim edi. Ko‘rik chog‘ida esa bemor yuragining uch joyida jiddiy muammo aniqlandi. Operasiya davomida yurak tanaga qon yetkazib bera olmasdan, infarkt yuzaga kelishi xavfi bor edi. Shuning uchun ham rejalashtirilgan amaliyot ikki bosqichda o‘tishi belgilandi. Birinchi bosqichda yurakda koronar-shuntlash amaliyoti bajarilib, unga parallel ravishda buyrak ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilindi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday murakkab amaliyot dunyo bo‘yicha yiliga atigi 5-10 ta o‘tkaziladi. O‘zbekistonda esa hali bunday operasiya bajarilmagan. Xirurgiya markazida tashkil etilgan komissiya a’zolari ruxsati bilan boshlangan ushbu yuqori texnologik noyob muolaja muvaffaqiyatli yakunlandi.

— Operasiyaga kirishda juda qo‘rqqandim. Chunki biryo‘la ikkita amaliyot bajarilishi kerak edi. Organizmim ko‘tararmikin, tirik qolarmikinman, deya ko‘p o‘yladim. Ming shukr, operasiya yaxshi o‘tdi. Shifokorlar bor imkoniyatni ishga soldi. Ulardan minnatdorman, — deydi Davron Gʻoyipov.

Inson uchun salomatlikdan ortiqroq ne’mat yo‘q. Ammo hayot har doim ham bir tekis kechmaydi. Ba’zan insonni bedavo dard qarshisida ojiz qoldiradi. Shunday paytda kimningdir ko‘magi, e’tibori kishi ko‘nglini ko‘taradi, hayotga umidini orttiradi. Ayniqsa, davolanish va tuzalish uchun imkon yaratilsa, buning qiymatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

— 2013 yili jigarimda V, D gepatiti virusi aniqlangan edi. O‘shandan beri davolanib kelayotgandim, — deydi Uzun tumani Guliston mahallasida yashovchi Bobur Kenjayev. — 2018 yili qattiq tobim qochdi. Shifokorlar jigar sirrozi boshlanishi, deya tashxis qo‘ydi. Shundan keyin hech o‘nglanmadim. Shu yil yoz oylarida ichki qon ketish boshlandi. Poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti reanimasiya bo‘limida 15 kun yotdim. Shifokorlar bor imkoniyatni ishga soldi. Ahvolim bir oz o‘nglandi. Chet elda operasiya qildirish uchun katta mablag‘ zarurligi, buncha pulni topish imkoni yo‘qligidan ezilardim. Chorasiz edim. Yurtimizda shunday operasiya yo‘lga qo‘yilganini eshitib, rosa quvondim. O‘z uying — o‘lan to‘shaging, deyishadi. Oqibat qanday bo‘lishini bilmayman. Shu bois, noxush holat yuz bergan taqdirda ham o‘z yurtimda bo‘lganim afzal, dedim va xirurgiya markaziga kelib uchrashdim. Shifokorlar hujjatlarimni tayyorlashni, kerakli tahlillarni topshirib kelishimni tayinladi.

Shu yil 21 oktyabrda Bobur operasiya qilindi. Turmush o‘rtog‘i donor bo‘ldi. Operasiyadan bir hafta o‘tib, unga uyga ketishga ruxsat berildi. Hozir mahalliy shifokorlar nazoratida. Salomatligi yaxshi, jigari tiklanish bosqichida. O‘rnidan turib yuradi, ovqatlanadi.

“Jigarim ishlay boshladi. Shifokorlarga rahmat. Jarrohlik amaliyoti va muolajalar bepul amalga oshirildi”, deydi Bobur.

Og‘ir xastalikdan ortiqcha ovoragarchilik va sarf-xarajatsiz oyoqqa turayotgan yurtdoshlarimiz ko‘zlaridagi sevinch yoshlari kishini bir qadar to‘lqinlantiradi. Zero, inson qadr-qimmati baland tutilayotgan, xasta ko‘ngillarda minnatdorlik, shukronalik hissi to‘layotganini ko‘rish har qanday kishiga ertangi kunga umid, rag‘bat bag‘ishlaydi.

Davlatimiz rahbari shu yilning 26 oktyabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida barpo etilgan yangi xirurgiya majmuasi imkoniyatlari bilan tanishdi. Besh qavatli, 75 o‘ringa mo‘ljallangan majmuada shoshilinch tibbiy yordamdagi eng noyob sohalar — kardioxirurgiya, neyrovaskulyar xirurgiya hamda transplantologiya qamrab olingan.

Binoda transplantologiya uchun ajratilgan 25 o‘rinli bo‘lim eng so‘nggi rusumdagi tibbiy anjomlar bilan jihozlangan. Bu yerda kelgusida buyrak va jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha yiliga 300dan ziyod amaliyot bajarilishi uchun sharoit yaratilgan. Bu esa a’zo ko‘chirib o‘tkazilishiga muhtoj shuncha insonning yashash huquqini ta’minlash, ularga qayta hayot bag‘ishlash, xasta dillarga umid, ishonch beradi degani.  “Inson qadri uchun” ezgu tamoyili bugun har bir yurtdoshimiz hayotida o‘z ifodasini topishi yo‘lidagi bu sa’y-harakatlar, albatta, besamar ketmaydi. Zero, mamlakat kelajagi va taqdirini sog‘lom va barkamol insonlar belgilaydi.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri