Aslida nafaqat Rossiya, balki dunyoning barcha davlatlarilda ham bu yilgi eng xavfli kasblar reytingida shifokorlar yetakchilik qildi. Rossiyalik shifokorlar konchi, oʻt oʻchiruvchi va harbiylarni ortda qoldirishgan. Bu haqda RIA Novosti SuperJob ish izlash servisi tadqiqotiga tayangan holda xabar qilmoqda.

30-iyuldan 3-avgustga qadar oʻtkazilgan tadqiqot 296 ta aholi punktidagi ming nafar rossiyaliklarning ochiq soʻrovlari maʼlumotlariga asoslangan. “Oʻtgan yillardagi shunga oʻxshash tadqiqotlar bilan taqqoslaganda, shifokorlar ilk marta xavfli kasblar reytingida birinchi oʻrinni egallashdi: avvallari ularning kasblarini 2-3 foiz rossiyaliklar eng xavfli deb atashardi, bugun esa har bir beshinchi fuqaro shunday fikrda”, ֫- deyilgan tadqiqotda.

20 foiz rossiyaliklar bugungi kunda shifokorlar kasbining eng xavfli deb hisoblagan. 10 foiz rossiyaliklarning ishonchi komilki, hammadan koʻproq konchilar oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyadi.

Yana 8 foiz rossiyaliklarning fikriga koʻra, eng xavfli ishni oʻt oʻchiruvchilar bajarishadi. Harbiylar va FVV qutqaruvchilar ishini 6 foiz rossiyalik xavfli deb biladi.

Bundan tashqari, haydovchi, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va siyosiy arbob kasblari 4 foiz rossiyaliklarning nazarida xavfli sanaladi.

Soʻrovda ishtirok etganlarning ikki foizi uchuvchilar kasbini eng xavfli kasblardan biri ekanini aytgan. Jurnalist, oʻqituvchi va sapyor kabslari bir foiz respondentlarning fikriga koʻra xavflidir.