Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

Jinoyat sodir bo‘lgandan so‘ng jazolash emas, balki uning oldini olish – zamonaviy huquqiy davlatning asosiy vazifasidir. Shu nuqtai nazardan qaralganda, profilaktik choralar jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish – bu bir kunlik ish emas. Bu uzluksiz, tizimli va maqsadli faoliyatni talab qiluvchi jarayon.

Har qanday jamiyatda adolatning o‘ziga yarasha muhim ahamiyati bor. Adolat tizimi xalqning huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda, huquqbuzarliklarni oldini olishda, ijtimoiy barqarorlikni saqlashda asosiy rol o‘ynaydi. Bunday tizimda sudlar ahamiyati juda katta, ayniqsa ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan ishlar bo‘yicha sud muhokamalari jamoatchilikka ochiq, ochiq-oydin va adolatli o‘tishi zarur.

Sayyor sud majlislari – bu sud muhokamalarini jamiyatning turli hududlarida, jumladan qishloq joylarda, mahalla, maktab, yoki boshqa jamoat joylarida o‘tkazishdir. Ushbu majlislar orqali jamoatchilik huquq va majburiyatlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot oladi, huquqbuzarliklarning oqibatlari haqida chuqur tushuncha hosil qiladi.

Bu jamoatchilikning sud jarayoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashishini ta’minlaydi va oddiy aholi orasida huquqiy madaniyatni oshirish hamda huquqbuzarlik profilaktikasida muhim qadam hisoblanadi.

Aynan shu maqsadda, so‘nggi yillarda yurtimizda mahallalarda o‘tkazilayotgan sayyor sud majlislari keng jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Chunki bu sud jarayonlari aholiga nafaqat qonuniy chora ko‘rish, balki profilaktik ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Masalan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani sudining tergov sudyasi B. Saburov tomonidan tumandagi Ullubog‘ mahallasida sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Bu galgi sud majlisi odatdagi sud binosida emas, balki aholi o‘rtasida – mahallaning o‘zida tashkil etildi.  Maqsad esa: huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarni jazolash bilan birga, qolganlarga saboq bo‘lib, qonunga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamlash.

Beruniy tumani sudining tergov sudyasi Ibrayim Allaniyazov tomonidan “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan sayyor sudda esa,  jinoyat ishlari bo‘yicha turli huquqbuzarliklar sodir etgan 14 nafar shaxsning ishini ko‘rib chiqish bilan birga, mahalla aholisiga huquqiy tushuntirish ishlari ham olib borildi. Aholi, ayniqsa, yoshlar qonun oldida har bir inson javobgar ekanini va har qanday huquqbuzarlik jazoga sabab bo‘lishi mumkinligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, anglab yetdi. Sudning adolatli chiqargan qarorini ko‘rgan mahalla a’zolarida, bir tomondan, jinoyatchilarga nisbatan nafrat uyg‘onsa, ikkinchi tomondan, huquqbuzarlikning oqibatlarini tushunish hissi kuchayadi.

Sayyor sudlarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, jamoatchilik sud majlislari orqali sudning adolatli va shaffof ish olib borayotganini ko‘radi, bu esa huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda jamoatchilikning davlat organlariga ishonchini oshiradi. Bu davlatga ishonchsizlik va qonuniy tartibsizlikni kamaytiradi.

Demak, mamlakatimizda sayyor sudlarni rivojlantirish va ularni keng jamoatchilikka yetkazish orqali yoshlar orasida huquqiy madaniyatni oshirish, huquqbuzarliklarni kamaytirish va xavfsizlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shish mumkin.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni kamaytirishda maxsus teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar ham muhim vositadir. Maxsus teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar jamoatchilikni jinoyatchilik holatlari, ularning sabablari va shart-sharoitlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri axborot bilan ta’minlaydi. Davlat idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan bunday dasturlar orqali jinoyatlarni fosh etish va aybdorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar aniq va ochiq muhokama qilinadi. Jinoyatchilik holatlari ochiq muhokama qilinishi esa, o‘z navbatida, jamoatchilikda ijtimoiy nazoratni mustahkamlaydi, huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz munosabatni shakllantiradi. Maxsus efirlar orqali davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasida muloqot tashkil etiladi. Mazkur hamkorlikni rivojlantirish orqali muammolarni tezroq hal etish mumkin. Bunday sharoitda huquqbuzarliklarning sabablari aniqlanadi va ularga tezkor yechimlar topish imkoniyati oshadi.

Yoshlar – jamiyatning kelajagi va asosiy kuchidir. Ular huquqiy bilim va ma’naviy tarbiyaga ega bo‘lsa, jinoyatchilik darajasi sezilarli darajada kamayadi. Shu boisdan, Prezident qarorida belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, mahalla, ta’lim muassasalari va oila bilan hamkorlikda yoshlarni huquqbuzarliklardan himoya qilish va ularning jamiyatda faol ishtirok etishini ta’minlash muhim vazifa hisoblanadi.

Dilnavoz Tadjibayeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti