U nafaqat fuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladi, balki davlatning barqaror rivojlanishiga, iqtisodiy o‘sishiga va ijtimoiy muhitiga ham bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, ichki beqarorlik, ommaviy tartibsizliklar va jinoyatchilikning nazoratsiz kuchayishi ko‘plab davlatlarning zaiflashishiga, hatto parchalanib, tarix zarvaraqlaridan chiqib ketishiga olib kelgan.
Masalan, Rim imperiyasi tanazzulida ichki tartibsizliklar va jinoyatlarning ortishi muhim omillardan biri bo‘lgan bo‘lsa, keyingi davrlarda ham ayrim mintaqalarda uyushgan jinoyatchilik va zo‘ravonlik davlat boshqaruvini izdan chiqarib, ijtimoiy inqirozlarni chuqurlashtirgan.
Jinoyatchilikning jamiyatga ta’siri ko‘p qirrali. Avvalo, u fuqarolarning xavfsizlik hissini yemiradi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini susaytiradi. Aholi o‘zini himoyasiz his qilgan jamiyatda ijtimoiy faollik pasayadi, fuqarolik tashabbuslari susayadi. Iqtisodiy jihatdan esa jinoyatchilik investitsion muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qiladi, davlat chet el investorlari uchun ishonchsiz variantga aylanadi, davlat byudjetidan huquqni muhofaza qilish va xavfsizlikni ta’minlash uchun qo‘shimcha xarajatlarni talab etadi. Natijada iqtisodiy resurslar rivojlanishdan ko‘ra muammolarni bartaraf etishga yo‘naltiriladi.
Bugungi kunda ham ko‘plab davlatlar jinoyatchilik darajasining yuqoriligi sababli jiddiy muammolarni boshidan kechirmoqda. Masalan Lotin Amerikasining ba’zi davlatlarida qurolli guruhlar faolligi va zo‘ravonlik jinoyatlari aholining kundalik hayotiga bevosita tahdid solmoqda, xususan Venasuela va Meksikada uyushgan jinoyatchilik va narkokartellar faoliyati fuqarolar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Bunday holatlar nafaqat ijtimoiy barqarorlikni izdan chiqaradi, balki iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini ham sezilarli darajada pasaytiradi. Shu bois jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasi har bir davlat uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Xavfsiz muhitni ta’minlash — bu shunchaki huquqni muhofaza qilish organlarining vazifasi emas, balki jamiyat barqarorligi, iqtisodiy taraqqiyot va fuqarolar farovonligining muhim sharti hisoblanadi. Ana shunday yondashuv asosida mamlakatimizda ham mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va xavfsiz ijtimoiy muhitni yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2026-yil 3-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi.
Mazkur hujjat 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori ijrosi doirasida erishilgan natijalarning mantiqiy davomi bo‘lib, mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. O‘tgan yil davomida olib borilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida respublika mahallalarida jinoyatchilik qariyb 1,5 baravarga kamaygani ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etdi.
Yangi qaror qabul qilinishidan asosiy maqsad — kriminogen vaziyati og‘ir, uch va besh yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalarda vaziyatni tubdan yaxshilash, u yerda jinoyatchilik salmog‘ini keskin kamaytirish hamda xavfsiz muhitni barqaror ta’minlashdan iboratdir.
Xususan, ayollar jinoyatchiligi yuqori bo‘lgan, spirtli ichimlik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar salmog‘i ortib borayotgan, shuningdek sudlarda nizolashayotgan oilalar soni ko‘p bo‘lgan mahallalar bilan manzilli va kompleks ishlash mexanizmi joriy etilmoqda. Bunda nafaqat huquqiy choralar, balki ijtimoiy, profilaktik va ma’naviy-ma’rifiy ta’sir vositalaridan ham keng foydalanish ko‘zda tutilgan
Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida Bosh prokuratura huzurida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda. Mazkur tuzilma mas’ul subyektlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, vazifalarni aniq taqsimlash hamda natijadorlikni oshirishga qaratilgan. Qaror ijrosini ta’minlashga huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ta’lim muassasalari keng jalb etilgani mazkur masalaning davlat va jamiyat miqyosidagi ustuvor vazifa ekanini ko‘rsatadi. E’tiborlisi, Toshkent davlat yuridik universitetida ham PQ-1 ijrosini ta’minlash maqsadida rektor buyrug‘i asosida alohida ilmiy va amaliy ishchi guruhlar tashkil etildi. Tasdiqlangan reja asosida professor-o‘qituvchilar va talabalar joylarga chiqib, mahallalar, maktablar va texnikumlarda huquqiy targ‘ibot hamda profilaktik tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu esa ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini ta’minlab, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, qabul qilingan yangi qaror mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni yanada jadallashtiradi. Eng muhimi, u jinoyatchilikka qarshi kurashish jarayonini faqat oqibat bilan emas, balki sabablar bilan ishlash tamoyili asosida yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Xavfsiz mahalla — bu barqaror jamiyat, tinch oila va ishonchli kelajak demakdir. Mazkur hujjat aynan shu maqsad sari izchil va manzilli harakatni ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
A’zamov Akbarxon,
Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi,
kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish sho‘basi o‘qituvchisi