Soʻnggi yillarda xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimiz va oilasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy qilingan imtiyozlar koʻlamini kengaytirish, chet ellarda ularning haq-huquqlarini kafolatlash, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini yoʻlga qoʻyish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qayd etish joizki, ichki mehnat bozoriga har yili oʻrtacha 600-700 mingga yaqin yangi ishchi kuchi kirib kelishi Oʻzbekistonning tashqi mehnat bozoridagi faol ishtirokini taʼminlamoqda. Iqtisodiyot tarmoqlarini va hududlarni rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar natijasida yiliga 500 minggacha ish oʻrni yaratilmoqda. Shuning uchun, tashqi mehnat migratsiyasi orqali qariyb 200 ming kishining bandligini taʼminlashga toʻgʻri keladi.

Soha mutaxassislari taʼkidlashicha, bu tabiiy jarayon, barcha rivojlanayotgan davlatlar shunday bosqichdan oʻtgan. Qayerda mehnat migratsiyasi toʻgʻri tashkil etilgan boʻlsa, bandlik, oilalar daromadi, malakali mutaxassislar koʻpaygan.

Sir emas, yaqin yillargacha yurtdoshlarimiz oʻrtasida tashqi mehnat migratsiyasi faoliyati borasida turlicha qarashlar mavjud edi. Yaʼni, bundan 3-4 yil oldin fuqarolarimiz chet elda ishlash istagida boʻlsa, kimga murojaat qilishni bilmas, natijada noqonuniy, aylanma yoʻllar bilan xorijga chiqishga majbur boʻlardi. Bu esa ularning haq-huquqlari buzilishi bilan bogʻliq koʻplab koʻngilsiz holatlarni kelib chiqarardi.

Quvonarlisi, soʻnggi yillarda tizim bilan bogʻliq vaziyat tubdan oʻzgardi. Bu – fuqarolarimizning chet elda ishlashi uchun sharoitlar yaratish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, kafolatli mehnat bozori bilan taʼminlash, yurtimizga qaytib kelgandan keyingi taqdiriga befarq boʻlmaslik kabi saʼy-harakatlarda namoyon boʻladi.

Mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada fuqarolarimizga yaratilayotgan yengillik va imtiyozlar, istiqboldagi vazifalar toʻgʻrisida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi Xayrulla UMAROV bilan suhbatda boʻldik.

– Aytingchi, tashqi mehnat migratsiyasi har qanday mamlakat uchun tabiiy jarayonmi? Bu borada yurtimizdagi vaziyatga qanday baho berasiz?

– Tashqi mehnat migratsiyasi kecha yoki bugun shakllangan jarayon emas. Bu turli davrlarda turlicha koʻrinishda namoyon boʻlib kelgan.

Bugungi zamonaviy davrda barcha davlatlarda asosiy eʼtibor tartibli mehnat migratsiyasiga qaratilmoqda va bu jarayonlarda Oʻzbekiston ham bevosita ishtirokchi.

Xorijiy davlatlar amaliyotiga toʻxtaladigan boʻlsak, Yevropa, Skandinaviya yarim orollari (Daniya, Norvegiya, Shvetsiya), AQSH, Janubiy Koreya davlatlarida sanoat va servis sohasi keskin rivojlanib borishi natijasida tashqaridan ishchi kuchiga zarurat tugʻilgani sababli, bu davlatlar migratsion retsepiyent (qabul qiluvchi) sifatida yetakchi hisoblanadi.

Misol tariqasida, asosiy ishchi kuchini yuboruvchi eksportyor davlatlar sifatida Germaniyada Turkiya, Polsha, Buyuk Britaniyada Pokiston, Hindiston, Fransiyada Jazoir, Marokash, AQSHda Xitoy va Filippin ishtirok etadi.

BMT maʼlumotiga koʻra, dunyodagi migrantlar soni 272 million nafarni tashkil etadi, bu dunyo aholisining 3,5 foizi, degani. Ayni paytda Hindistonning 17,5 million fuqarosi tashqi mehnat migratsiyasi jarayonida ishtirok etib, aholisi eng koʻp mehnat migranti hisoblangan mamlakat boʻlib qolmoqda.

Albatta, demografik, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar ham mehnat migratsiyasi sohasiga oʻzining u yoki bu darajada taʼsirini koʻrsatadi. Oʻzbekistonda ham aholi sonining oʻsishi, iqtisodiyotdagi rivojlanish bosqichlari mehnat migratsiyasiga talabni keltirib chiqarmoqda. Yuqoridagi tahlillardan ham koʻrinib turibdiki, mehnat migratsiyasi jarayoni har qanday mamlakat uchun tabiiy jarayon hisoblanadi.

Tan olish kerakki, biz shu kungacha qancha fuqaromiz xorijiy davlatlarda mehnat qilayotgani haqida aniq maʼlumotga ega emas edik. Prezidentimizning tashabbusi bilan yurtimizda boshlangan “fuqarobay”, “xonadonbay” oʻrganishlar bizni ham mahallaga tushib oʻrganishga, odamlar bilan ishlashga oʻrgatdi. Oʻrganishlar jarayonida yurtimizdagi mehnat migrantlari soni 2021-yil 1-aprel holatiga koʻra 1,5 million nafarni tashkil etayotgani aniqlandi. Bu esa Oʻzbekiston aholisiga nisbatan mehnat migrantlarining 4,4 foizlik ulushi moʻtadil yoki normal holat hisoblanadi.

Oxirgi 10–15 yillik amaliyot davomida bu sohada koʻplab kamchiliklar qatorida mehnat migrantlarini xorijda huquqiy va moddiy himoyalash, xorijdan qaytganlarni reintegratsiya qilish boʻyicha maʼlum bir tajriba toʻpladik.

– Mamlakatimizda soʻnggi yillarda tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish boʻyicha qabul qilingan qonunchilikdagi oʻzgarishlar va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mehnat migrantlari uchun qanday yengillik va imtiyozlar berdi?

– 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, mehnat migratsiyasi sohasini kompleks tahlil qilish, xavfsiz, tartibli va qonuniy mexanizmlarni joriy qilish, mehnat migratsiyasini tartibga solish, migrantlar xavfsizligini taʼminlash, ularning xorijda ishlab topgan daromadlari kelgusida oilasi farovonligiga, “oʻz kelajagiga investor” tamoyiliga xizmat qilishiga qaratilgan hujjatlarga zarurat borligini koʻrsatdi.

Taʼkidlash joizki, 2018–2020-yillarda tashqi mehnat migratsiyasi yoʻnalishida juda muhim qadamlar qoʻyildi. Sohaga doir 12 ta muhim hujjat, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 6 ta qarori, 1 ta farmon, Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarori qabul qilinib, normativ-huquqiy baza yaratildi. “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi va takomillashtirildi.

2018-yilda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi tashkil etildi.

Prezidentimizning 2020-yil 11-avgustdagi “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 15-sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib mehnat sharoiti yaratish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar va oʻzbek diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlash, kasbiy tayyorgarlik va chet tillarini oʻrgatish, moliyaviy, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslar integratsiyasi, tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish borasida muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 28-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijiy vakolatxonalarini ochish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, agentlikning Kvangju (Koreya Respublikasi) va Moskva (Rossiya Federatsiyasi) shaharlarida vakolatxonalari, shuningdek, Moskva shahridagi vakolatxonaning Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Yekaterinburg, Samara va Ufa shahrida vakilliklari ochildi.

Yuridik shaxslarga Oʻzbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish, ularning kasbiy malakasini va xorijiy tillarni bilish darajasini tasdiqlash faoliyatlari bilan shugʻullanish huquqi berildi. Bundan tashqari, tashkillashtirilgan tarzda ishlash uchun xorijga chiqib ketayotgan shaxslarga 10 million soʻmgacha mikroqarzlar berish tartibi joriy qilindi. Murakkab moliyaviy ahvolga tushgan mehnat migrantlariga beriladigan bir martalik moddiy yordam bazaviy hisoblash miqdorining bir barobaridan ikki barobarigacha koʻpaytirildi.

Xorijda ishlab qaytib kelgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha subsidiya ajratilishi belgilandi. 2019-yildan mehnat migrantlariga uylar ajratish, ketish xarajatlarini qisman qoplash uchun 2 million soʻmgacha mikroqarz berish, ular hayoti va sogʻligʻini sugʻurtalash uchun subsidiya taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti tashkil etildi.

Yana bir muhim jihat. Agentlik hududiy filiallarining rahbarlari – viloyat hokimlarining tashqi mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha yordamchilari etib tayinlandi va ularga xorijiy ish beruvchi korxonalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish, shartnomalar imzolash vakolati berildi.

Keyingi toʻrt yilda xorijiy ish beruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar, istiqbolli hamkorlikka qaratilgan kelishuvlarda maʼlum boʻlishicha, tashqi mehnat bozorida asosan umumqurilish sohasi ustalari, ishlab chiqarish, texnik kasblar, qishloq xoʻjaligi, servis va xizmat koʻrsatish sohasi boʻyicha kichik mutaxassislarga talab yuqoriligi aniqlandi. Shu asosda, mehnat migrantlarini 20 dan ortiq kasbga, rus, ingliz, koreys va yapon tillariga oʻqitish boʻyicha qisqa kurslar yoʻlga qoʻyildi.

Mehnat migrantlarini nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijiy davlatlarda ham kasb-hunarga va chet tillarga oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyildi, bundan tashqari, mamlakatimizda xorijiy davlatlarning oʻquv markazlari tashkil etildi.

Jumladan, Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti (RXDU) bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasiga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha 25 ta markazda hamda Toshkent, Fargʻonadagi monomarkazda rus tiliga oʻqitish kurslari faoliyat koʻrsatmoqda. Ushbu yoʻnalishda hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida RXDUning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ochildi.

Rossiyada boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarini kasb-hunar va rus tiliga oʻqitish maqsadida RXDU va “WorldSkills Russia” ittifoqi oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida Rossiyaning 7 ta hududidagi 14 ta taʼlim muassasasida oʻquv kurslari tashkil etildi.

Xorijiy hamkorlar bilan olib borilayotgan istiqbolli loyihalar natijasida Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida Moskva shahri Koʻp tarmoqli migratsiya markazining filiali ochildi.

Xorijdan qaytgan mehnat migrantlari bandligini taʼminlash va ichki mehnat bozoriga reintegratsiya qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

– Tizimda korrupsiyaning oldini olish, yurtdoshlarimizni xorijga joʻnatishning shaffof tizimini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ham toʻxtalsangiz.

– Avvalo, ushbu yoʻnalishda ochiqlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlash oʻrinli. Bu borada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ishlab chiqilgan “Yagona milliy mehnat tizimi” axborot tizimi doirasida yaratilgan “labor-migration” dasturiy majmuasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur dasturda xorijda ishga joylashish, mavjud boʻsh ish oʻrinlari, ish beruvchilar toʻgʻrisidagi va sohaga doir boshqa maʼlumotlar joylashtirib borilmoqda. Bundan tashqari, xorijiy davlatlar, xususan Koreya Respublikasiga boʻladigan tanlovlarni onlayn tartibda namoyish etib borish tizimi joriy etildi. Bunda “Komplayens” xizmati yoʻlga qoʻyilib, doimiy profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Amalga oshirilgan choralar natijasida xorijda ishlash istagida boʻlgan fuqarolar mavjud ish oʻrinlari va ularga qoʻyilgan talablar bilan tanishib borish, ish beruvchilar taklif etgan ish oʻrinlari boʻyicha tanlovlarda erkin ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlayotir.

Lekin oxirgi ikki yilda tizimda xususiy bandlik agentliklari tomonidan aldov yoʻli bilan fuqarolar mablagʻlarini oʻzlashtirish, firibgarlik holatlari ham uchrayotgani juda achinarli. Jinoyatga jazo muqarrar. Ushbu noqonuniy ishlarni amalga oshirgan 11 ta xususiy bandlik agentligining masʼul rahbar va xodimlari faoliyatiga huquqiy baho berildi.

Mazkur holatlarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirishlar kiritilib, xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolardan mablagʻ undirish taqiqlandi.

– Yangi mehnat bozorlarini ochish boʻyicha nima ishlar qilinmoqda? Xorijiy davlatlarda asosan qanday kasb egalariga talab bor?

– Mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida hukumatlaro 8 ta, idoralararo 7 ta bitim, MDH doirasida 1 ta bitim va 1 ta konvensiya, shuningdek, 203 ta ish beruvchi va rekruting kompaniyalar bilan shartnomalar imzolangan. Shu bilan birga, tashqi mehnat bozoridagi 259 ta salohiyatli ish beruvchilar va rekruting agentliklari bilan muzokaralar oʻtkazilib, ulardagi 69 mingga yaqin boʻsh ish oʻrni aniqlandi.

Xususan, Germaniyaning “GfM GmbH & Co. KG” va “HR ARENA GmbH” kompaniyalari bilan onlayn uchrashuvlar oʻtkazilib, Oʻzbekiston fuqarolarini Germaniya hududida “dual tizimi” asosida ishga joylashtirish boʻyicha Bitim imzolandi.

Kanadadagi “Sobirovs Law Firm” firmasi va “Anori Management company” yuridik firmalari vakillari bilan onlayn formatda oʻtkazilgan muzokaralar natijasida kelishuvga erishildi, ayni kunlarda fuqarolarimizni ushbu davlatga ishga yuborish jarayoni boshlangan.

Hozirgi kunda xorijiy davlatlarda asosan ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlaridagi kasblarga talab yuqoriligicha saqlanib qolmoqda va ularning ish haqi borayotgan davlatidagi oʻrtacha ish haqi miqdorlaridan kelib chiqib turlicha boʻladi. Jumladan, Koreyada 1700-2000 AQSH dollari, Rossiya va Turkiyada 400-600 AQSH dollari, Qozogʻistonda 300-500 AQSH dollari.

Ish beruvchilar bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasi asosida tashkillashtirilgan tartibda xorijda ishga joylashtirilgan fuqarolarni yotoq joylari va oziq-ovqatlar bilan taʼminlash majburiyatlari yuklatiladi va ular tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi doimiy nazorat qilib boriladi.

Shuningdek, ish beruvchilar tomonidan mehnat migrantlariga ketishdan oldin oʻtkaziladigan tanlov jarayonlarida ishning turi, ishchiga qoʻyiladigan talablar, ish haqi miqdori kabi shartlar maʼlum qilinadi va ushbu talablarga rozilik bildirgan fuqarolar tanlovlarda ishtirok etishi mumkin boʻladi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi uch yilda 210,5 ming yurtdoshimiz manzilli migratsiya bilan qamrab olindi. Shundan 28,9 ming fuqaro tashkiliy tartibda xorijiy davlatlarda ishga joylashtirilgan boʻlsa, 181,6 ming xorijga ketayotgan fuqarolarga, migratsiya bazasiga roʻyxatga olingan holda, axborot-maslahat xizmatlari koʻrsatildi.

Shuningdek, mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 176,7 ming imtiyozli avia va temiryoʻl chiptalari sotildi, 77,1 ming mehnat migranti hayoti sugʻurta qilindi.

Xalqaro tajriba va amaliyotlarni oʻrganish natijasida kuzatilgan asosiy jihatlardan biri shuki, mehnat migratsiyasida ishtirok etuvchi fuqaroning kasbiy malakasi va chet tilini bilish darajasi yuqori boʻlishi kafolatlangan, ilgʻor texnika va texnologiyaga asoslangan, yuqori ish haqiga ega boʻlgan ish oʻrinlarida mehnat faoliyatini amalga oshirishida muhim omil hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizda 15 ta “Ishga marhamat” monomarkazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufida 30 ta kasb-hunarga oʻqitish markazi va 136 ta mahallada kasb-hunar maskanlari, 252 ta turli vazirlik va idoralar hamda nodavlat taʼlim muassasalari imkoniyatlaridan foydalangan holda fuqarolar chet tillari va turli kasb-hunarlarga oʻrgatilmoqda. Xususan, yurtimizdagi kasb-hunar markazlarida 41,2 ming, Rossiyadagi kasb-hunar markazlarida 552 yurtdoshimiz oʻqishga jalb qilindi.

Qayd etish joizki, koʻpgina ish beruvchilar ishga borayotgan migrantlardan kasb yoʻnalishi boʻyicha maxsus hujjat soʻraydi. Afsuski, koʻpchilikda bunday hujjat mavjud emas. Joriy yildan ular uchun yana bir qulaylik yaratildi. Hujjati yoʻq, lekin oʻz kasbini aʼlo darajada biladigan fuqarolar, kasbga oʻqitish markazlarida tuzilgan maxsus komissiyaga oʻz yoʻnalishi boʻyicha imtihon topshirib, mufaqqiyatli oʻtsa, unga maxsus sertifikat beriladi. Bu esa, oʻz navbatida, oylab oʻqishi uchun ketadigan vaqtni tejaydi va ortiqcha sarf-xarajat oldi olinadi. Uning oʻrniga shu kasbni egallamoqchi boʻlgan boshqa bir fuqaro kasbga oʻrgatiladi. Bu har jihatdan foydali boʻlmoqda.

– Mehnat migrantlari yurtimizga qaytib kelgandan soʻng, ularni ish bilan taʼminlash yoki boshqa qanday yordam va imtiyozlar koʻrsatiladi?

– Mehnat bozoriga kiritilgan yana bir yangiliklardan biri, bu – xorijdan qaytgan mehnat migrantlari bandligini taʼminlash va ichki mehnat bozoriga reintegratsiya qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani. Shu maqsadda, xorijdan qaytgan mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari bilan “mahalla – mehnat organlari – sektor – Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi filiali” tizimi asosida individual ishlash tashkil etildi.

“Tadbirkor migrant” loyihasi boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarida xorijdan qaytgan fuqarolarni tadbirkorlik asoslariga oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. Mazkur loyiha boʻyicha 955 fuqaro oʻqitildi va sertifikatlar berildi. 4,9 ming nafariga tadbirkorlik qilishi uchun subsidiya, 1,4 ming nafariga imtiyozli mikrokreditlar ajratildi.

Joriy etilgan tadbirlar natijasida 2020-yil va 2021-yilning birinchi choragida yurtimizga qaytib kelgan 541,6 ming mehnat migranti bilan uyma-uy yurgan holda oʻrganish oʻtkazilib, 364,3 ming nafarining bandligi taʼminlandi. Oʻtgan davr mobaynida xorijda ishlab yurtimizga qaytib kelgan 1 million 334 mingdan ortiq fuqaroning qariyb 751 ming nafari bandligi taʼminlandi, 14 mingdan ziyodi kasbga va tadbirkorlikka oʻqitildi.

Xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 40 mingdan ortiq migrantlar oilalariga turli yoʻnalishda yordam koʻrsatildi. Shu bilan birga, xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan 266 nafar, Rossiya Federatsiyasi IIVning vaqtinchalik saqlash markazlaridan 4 ming 177 fuqaro vatanga qaytarildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 322 mingdan ziyod mehnat migrantiga huquqiy, ijtimoiy, moddiy yordam, maslahat xizmatlari koʻrsatildi. Mehnat migrantlarining ish beruvchilar tomonidan toʻlanmay turgan 1,6 million AQSH dollaridan ortiq miqdoridagi ish haqi va pullik kompensatsiyalari undirib berildi.

272 nafar yurtdoshimizga 543 million soʻm miqdorida mikroqarzlar ajratilishi taʼminlandi, 81 ming 193 nafar mehnat migranti sugʻurta xizmatlaridan foydalandi. Ularga koʻp kvartirali uylardan xonadonlar ajratish uchun subsidiya taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

2018-yildan 2021-yilning birinchi choragiga qadar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Rossiya, Qozogʻiston, Janubiy Koreya, BAA, Turkiya, Bolgariya, Polsha va boshqa davlatlarga 27 ming 670 nafar fuqaro ishga joylashtirildi.

Bugungi kunda sohada amalga oshirilayotgan bunday muhim chora-tadbirlar mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat migratsiyasini qonuniy va tartibli tashkil etishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda sohada muammolar ham mavjud. Xususan, xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qoʻllab-quvvatlash, chet eldan qaytgan fuqarolarga kasbi, malakasi va rejasidan kelib chiqib, ish topishiga koʻmaklashish, chet elda yurtdoshlarimiz munosib sharoitlarda mehnat qilishi uchun yirik ish beruvchi kompaniyalar bilan aloqalarni kengaytirish muhim. Lekin buning uchun, avvalo, oʻsha korxonalar talabiga mos malakaga ega va til biladigan mutaxassislar tayyorlash dolzarb vazifa.

Umuman aytganda, tizimda amalga oshirilayotgan muhim chora-tadbirlar xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish, xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning muammo va ehtiyojlarini oʻrganish hamda hal qilish boʻyicha yangi tizim, yangicha yondashuvlarni joriy etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.