3 gektar maydonda tashkil etilayotgan yoshlar kichik sanoat zonasida 40 dan ortiq loyiha amalga oshirilishga boshlandi. Umumiy qiymati 11 milliard 250 million soʻmdan oshiq boʻlgan bu loyihalarning hayotga tadbiq etilishi natijasida 250 dan ziyod ish oʻrni paydo boʻladi. Loyihalar orasidan qurilish, oziq-ovqat, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish kabi korxonalar oʻrin olgan.
Loyihalar tashabbuskorlari bilan muloqot qilgan viloyat hokimi, sanoat zonasining infratuzilmasini yaratish bilan bogʻliq masalalar toʻlaligicha hal etib berilishini bildirib, bu yerda oʻz ishlab chiqarish biznesini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan yoshlarga, loyiha hajmidan qatʼiy nazar har tomonlama yordam berilishini, kredit mablagʻlari ajratilishini maʼlum qildi.
3 ta mahalla oʻrtasida joylashgan ushbu yoshlar kichik sanoat zonasi yaqinida koʻp qavatli turar-joylar, sport maydonchalari qurilishi, buning natijasida hududda yangi sanoat shaharchasi paydo boʻlishi qayd etildi.
“Tumanda tadbirkorlik muhitini yaratishimiz lozim. Soʻx tadbirkorlar yurtiga aylanishi kerak! Boshqa yoʻlimiz yoʻq!” dedi Xayrullo Bozorov.