Ximmotolog-mutaxassislardan qachon, qanday voz kechilgan edi?

    Fan 17 Fevral 2021 1870

    Bundan o'ttiz yilcha burun bir davrada mendan ximmotolog qanday kasb egasi, u shifokormi, kimyogarmi, muhandismi, deb so'rab qolishdi.

    Men hazillashib, u “shifokor”, faqat transport vositalarining “diyetolog-shifokori”, deb javob berdim. Va ularga ximmotolog iborasi nimani anglatishi, tarixi, buguni va kelajagi haqida tushuntirdim.

    Suhbatdoshlarim bunga qiziqib qolib, hatto bir-ikkitasi shunday mutaxassislikni tanlasak boʻlarkan, kelajagi bor ekan, degan fikrni bildirishdi.

    Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan taʼlim sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi davr biz, professor-oʻqituvchilardan barcha dolzarb masalalarni yechish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlashda taʼlim jarayonini fan, ishlab chiqarish va innovatsiya bilan uygʻunlashtirgan holda olib borishni taqozo etmoqda.

    Shu bois, yangi Oʻzbekiston uchun yangi yoʻnalishlardan biri boʻlgan ximmotologiya fani boʻyicha bakalavrlik taʼlimini tiklash, shuningdek, magistrlar tayyorlashni ham yoʻlga qoʻyish lozim, deb hisoblaymiz.

    Insoniyat taraqqiyoti va farovonligini energiya manbalarisiz, birinchi navbatda, anʼanaviy neft mahsulotlari, qolaversa, muqobil, qayta tiklanuvchi resurslarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu oʻrinda ximmotologiya fani va uning amaliyotga joriy etilishi tarixiga nazar tashlasak.

    Davr mahsuli oʻlaroq, oʻtgan asrning 50-60 yillarida fan va texnikada yangi izlanishlar — yonilgʻi va moylash mahsulotlaridan samarali foydalanish nazariyasi va amaliyotidan iborat ilmiy yoʻnalish — ximmotologiya fani vujudga keldi.

    Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillar hamda sovuq urush siyosati tufayli sobiq ittifoqda ilk bor ximmotologiya fani bilan shugʻullanadigan harbiy ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Bu yoʻnalish oʻz tarkibiga bir nechta fan va sohani birlashtirdi.

    Chunki ximmotolog mutaxassis ham texnika tuzilishi va undan foydalanishni, ham ular uchun qoʻllaniladigan yonilgʻi, moy, maxsus suyuqliklarda yuz beradigan oʻzgarishlar, ularni tashish, saqlash va qoʻllashni oqilona tashkil etishga doir bilimlarga ega boʻlishi lozim edi.

    Ximmotologiya oliy taʼlimga mashinasozlik, neftni qayta ishlash, fizik va kolloid kimyo, yeyilish va zanglash nazariyalari, gidravlika qonunlari hamda ekologik taʼsirlarni oʻz ichiga olgan fanlar majmuasi sifatida kirib keldi.

    Bugungi kunda xalq xoʻjaligining qoʻplab tarmoqlari samaradorligi, texnika vositalari ishonchliligi yonilgʻi-moylash mahsulotlari sifatiga bogʻliqligi sir emas.

    Mamlakatimizda ximmotologiya fani poydevorini qoʻyishda akademiklar O.Salimov, O.Lebedev, S.Negmatov, S.Qodirov, A.Jalilov, professorlar A.Mutalibov, A. Belenkiy, Oʻ.Ikramov, Q.Sharipov, Sh.Abdullayev, B.Hamidov, Sh.Saydahmedov va E.Saidahmedov katta hissa qoʻshgan.

    Va uni ayni paytda Toshkent davlat transport universiteti professor-oʻqituvchilari Yu.Shodimetov, B.Bazarov, A.Barxanadjyan, N.Moʻminjonov, Z.Alimova, R. Hakimov va A.Sobirjonov munosib davom ettirmoqda.

    XX asr oxirida Buyuk ipak yoʻli markazida joylashgan Oʻrta Osiyo mintaqasida bir nechta mustaqil davlatlar vujudga keldi. Tabiiyki, har bir mamlakat oʻz imkoniyati, iqtisodi, ijtimoiy holatidan kelib chiqib, mustaqil rivojlanish yoʻlini tanladi.

    Bu, oʻz navbatida, asrlar davomida shakllangan aloqalarning uzilishi, hatto butun mintaqani birlashtirgan qadimiy Buyuk ipak yoʻliga maʼlum maʼnoda toʻsiq boʻldi.

    Ayni paytda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari tashabbusi va saʼy-harakati bilan “Bir makon, bir yoʻl” tamoyili doirasida ana shu qadimiy karvon yoʻli bosqichma-bosqich tiklanmoqda. Bu yoʻldan endi turli model va markalardagi avtomobil, poyezd va boshqa transport “karvon”lari oʻtishi, shubhasiz.

    Yoʻl yoqasida ularga xizmat koʻrsatuvchi servis korxonalar, motellar, katta-kichik ustaxonalar, yonilgʻi quyish shoxobchalari, moy almashtirish nuqtalarini joylashtirish va ularning samarali ishlashini tashkil etish lozim boʻladi.

    Soʻnggi oʻn yilda avtomobil markalari, ularga quyilayotgan yonilgʻi- moylash mahsulotlari turi koʻpaydi, sifati va narx-navosi bir-biridan farq qiladi. Mamlakatimizda koʻproq oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar, qoʻshni davlatlarda esa, asosan, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va Koreya Respublikasidan olib kelingan avtomobillar koʻpaya boshladi.

    Shu bois, bugungi kunda avtomobil “taomnoma” (menyu)sini tanlovchi va tayyorlovchi — ximmotologlarga talab va ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Qolaversa, Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyilayotgan bugungi kunda keng sohalar, noanʼanaviy yoʻnalishlarda kompleks izlanishlar olib borishga layoqatli yoshlarni tayyorlash oldimizda turgan muhim vazifa sanaladi.

    Toshkent davlat transport universitetining tashkil etilishi ximmotologiya fani boʻyicha izlanishlarni yana-da kengaytirish, nafaqat avtomobil, balki temir yoʻl transporti, aeroportlar, mashina-traktor parklari hamda Markaziy Osiyo davlatlarida faoliyat koʻrsatayotgan minglab yonilgʻi-moylash mahsulotlari taʼminoti korxonalari uchun ham mutaxassis kadrlar tayyorlashga imkon beradi.

    Bundan 10-15 yil oldin universitetni bitirgan soʻnggi magistr ximmotologlarning yarmiga yaqini PhD dissertatsiyasini yoqlab, mamlakatimiz ilmiy-oʻquv muassasalarida, “Oʻzstandart” agentligi, Fanlar akademiyasi institutlarida faoliyat koʻrsatmoqda.

    Transport vositalari uchun neft mahsulotlari bilan birga muqobil energiya manbalarini koʻpaytirish, ularni qoʻllashda yongʻin va ekologik xavfsizlikni kamaytirish, yonilgʻi-moylash mahsulotlari anatomiyasi va komponentlarining nano oʻlchamlardagi taʼsir mexanizmi hamda texnikalar tuzilishi va ularning ekspluatatsiyasi boʻyicha bilimga ega, transport vositalari uchun maxsus “taomnoma”lar tayyorlovchi mutaxassislar — muhandis-ximmotologlarni diyetolog-shifokorlarga mengzash mumkin.

    Ayni paytda universitetimiz qoshida ximmotolog va ekologlar klublarini tashkil etyapmiz. Ular nafaqat olim va talabalarimiz, balki ana shu soha va mutaxassislikka qiziqqanlar, jumladan, chet elliklar uchun ham ochiq boʻlishini istaymiz.

    Bundan tashqari, klublarimizga oʻsimlik shaklidagi tiklanuvchi energiya manbalarini oʻstiradigan va ularni qayta ishlaydigan mutaxassislarni ham taklif etamiz. Chunki yurtimizning barcha goʻshasida tarkibida moy, efir, kauchuk kabi moddalarga boy boʻlgan oʻsimliklarni yetishtirish imkoniyati mavjud. Mazkur jarayonni tahlil qilish, qayta tiklanuvchi manbalardan kelajakda yonilgʻi-moylash mahsulotlari olishni oʻrganish va yoʻlga qoʻyish, layoqatli mutaxassislar tayyorlash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylandi.

    Ayni shu maqsadda sohalararo ilmiy laboratoriya tashkil etish, agronomlar, kimyogar-texnologlar va transport muhandislarini bir joyga jamlab, uni dastlabki davrda moliya bilan taʼminlash uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi koʻmagi zarur boʻladi.

    Sifatli yaratilgan va tanlangan yonilgʻi-moylash mahsulotlari, turli xil texnik suyuqlik hamda ekspluatatsiya materiallari transport vositalarining uzoq muddat va samarali ishlashiga kafolat vazifasini oʻtaydi.

    Abutolib SOBIRJONOV,

    Toshkent davlat transport universiteti

    transport energetik qurilmalari kafedrasi dotsenti,

    texnika fanlari nomzodi