Dunyoning o‘ttizdan ziyod mamlakatidan kompaniyalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etgan ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston savdo paviloni ham tashkil etildi.
O‘zbekiston ko‘rgazmasi peshtaxtalaridan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar joy olgan. Xususan, meva sharbatlari, quritilgan mevalar, dukkakli mahsulotlar, kungaboqar yog‘i, ma’danli suv, za’faron, to‘qimachilik va milliy hunarmandchilik mahsulotlari shular jumlasidandir.
O‘zbekiston paviloniga tashrif buyurgan mehmonlardan ayrimlari o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, Shinjon iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish uyushmasi vakili Pan Sinjunning ta’kidlashicha O‘zbekiston mahsulotlariga Xitoy bozorida talab katta va bu kabi ko‘rgazmalarda milliy stend bilan ishtirok etilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmining oshishiga xizmat qiladi.
Xitoylik xususiy tadbirkor Van Xuey O‘zbekistondan Xitoyga import qilinayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari, xususan quritilgan mevalarning yuqori sifatli va tabbiy ekanligini alohida urg‘uladi. “Biz O‘zbekiston bilan tadbirkorlik aloqalarimizni kengaytirishdan manfaatdormiz”, - dedi u.