Xitoy kompaniyalari Jizzaxda 1000 MVtlik shamol elektr stansiyalarini qurmoqchi

    Xitoy kompaniyalari tomonidan yurtimizga 1 mlrd AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritiladi.

    Kecha, 28-mart kuni Jizzax viloyatida quvvati 1000 MVtgacha boʻlgan shamol elektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Xitoyning “China Huadian Overseas Investments”, “CNEEC” (China National Electric Engineering Company) va “SANY Renewable Energy” kompaniyalari oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

    Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, mazkur kelishuv boʻyicha “China Huadian Overseas Investments” kompaniyasi investor sifatida, “CNEEC” kompaniyasi bosh pudratchi, “SANY Renewable Energy” kompaniyasi esa shamol turbinalarini yetkazib beruvchi sifatida loyihada ishtirok etadi.

    Kompaniyalar tomonidan stansiya qurish boʻyicha qurilish maydoniga chiqib oʻrganish ishlari tez kunlarda boshlanadi. Shuningdek, kompaniyalar Oʻzbekistonda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida kelishuvlar imzolashning tartiblari yuzasidan ham oʻrganishlar olib borishadi. Oʻrganishlar natijasiga koʻra, shamol elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha tomonlar bosh kelishuvni imzolaydilar.

    Taʼkidlash kerakki, mazkur memorandum doirasida Xitoy kompaniyalari tomonidan yurtimizga 1 mlrd AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritiladi.