Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalarini quradi

    Energetika 16 Fevral 2023 1644

    Xitoy kompaniyasi bilan O‘zbekistonda umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

    O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida bugun, 15-fevral kuni Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha CEEC ENERGY CHINA kompaniyasi bilan anglashuv memorandumi imzolandi.

    Ta’kidlash kerakki, mazkur memorandum doirasida Xitoy kompaniyasi tomonidan yurtimizga 2 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritiladi.

    Ushbu quyosh fotoelektr stansiyalarining ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, stansiyalar 2024-yilda to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi.

    Buning natijasida yiliga 5,2 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,4 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

    Tomonlar ushbu yirik loyihalarning istiqbollari va tez fursatlarda stansiyalar qurilish ishlarini jadal sur’atlarda amalga oshirishga kelishib oldilar.