Xitoy kompaniyasi Toshkentda yangi metro liniyalarini qurishga qiziqish bildirdi

    Xitoy tomoni Toshkent metropolitenining mavjud yoʻnalishlarini rekonstruksiya qilish hamda yangi liniyalar qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

    Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 22-avgust kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir oʻrinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning Tianjin Rail Transit Group kompaniyasi bosh direktor oʻrinbosari Ma Yunkan bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda metropoliten va temir yoʻl transportini rivojlantirish boʻyicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Xitoy tomoni Toshkent metropolitenining mavjud yoʻnalishlarini rekonstruksiya qilish hamda yangi liniyalar qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

    Taʼkidlanganidek, ushbu loyihalarning amalga oshirilishi mamlakat transport infratuzilmasini yanada modernizatsiya qilishga, aholiga qulay va zamonaviy transport xizmatlarini taqdim etishga xizmat qiladi.

    Bundan tashqari, tomonlar hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini koʻrib chiqib, muloqotni davom ettirish niyatini bildirish bilan birga, oʻzaro anglashuv memorandumi imzolash tashabbusini ham kelishib oldilar.

    Eslatib oʻtamiz, bundan oldinroq mazkur kompaniya Toshkent – Samarqand yangi temir yoʻl liniyasini barpo etishga qiziqish bildirgandi.