Unda ma'lum qilinganidek, Boysun tumanining tog'li «Solim Padang» qishlog'ida O'zbekistonning 200 dan ortiq fol`klor jamoalari ishtirokida «Boysun bahori» xalqaro festivali o'tkaziladi.
Maqolada Boysun tumanida tashkil etiladigan ushbu madaniy anjuman chuqur ma'noga ega ekani qayd etilgan.
«Chunki 2001 yilda Boysun YUNESKO tomonidan «Insoniyatning og'zaki va nomoddiy madaniy merosi» durdonasi sifatida e'tirof etilgan. 2002 yil may oyida esa tumanda O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston xalq ijrochilarining birinchi ochiq fol`klor festivali bo'lib o'tgan edi», deb yozadi nashr.
Nashr o'zbek xalqining ko'p asrlik qadriyatlari va an'analarini o'zida tarannum etgan ushbu festivalda milliy kurash, etnosport, velomarafon, uloq-ko'pkari, barg uloqtirish, arqon tortish, chilak va boshqa xalq o'yinlari bo'yicha musobaqalar o'tkazilishiga alohida e'tibor qaratgan.