Xitoy poytaxtida Alisher Navoiyning ijodiy merosiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

    Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda O‘zbekistonda Alisher Navoiy ijodini keng o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan diqqatga sazovor ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

    Xitoy Xalq Respublikasi poytaxtida xalqimizning buyuk shoiri va mutafakkiri, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy ijodiy merosiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

    Ushbu tadbir mamlakatning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri - Pekin xalqaro tadqiqotlar universitetida O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi, Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘zaro hamkorlikda tashkil etildi.

    Anjumanda xitoylik va o‘zbekistonlik navoiyshunos, sharqshunos hamda tilshunos olimlar, Pekin xalqaro tadqiqiqotlar universiteti va Shanxay xorijiy tillar universitetining professor va o‘qituvchilari, talabalar, vatandoshlar hamda Xitoy OAV vakillari ishtirok etdilar.

    Tadbir chog‘ida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bebaho ijodiy merosi nafaqat o‘zbek, balki butun jahon adabiyoti va madaniyatining rivojlanishi tarixida alohida ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

    Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda O‘zbekistonda Alisher Navoiy ijodini keng o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan diqqatga sazovor ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

    Alisher Navoiy va boshqa buyuk allomalarimiz ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, asrab-avaylash, yoshlarning ilm olishi va barkamol avlod sifatida shakllanishida ularning ma’naviy sarchashmalaridan foydalanish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganligi alohida qayd etildi.

    Xususan, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Alisher Navoiy merosini keng o‘rganishga qaratilgan muhim qaror va dasturlar qabul qilingani, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilgani, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil qilingani ta’kidlandi.