Xitoyda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining 22-yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining 22-yigʻilishi Xitoyda boʻlib oʻtdi.

    Unda SHHT Bosh kotibi Nurlan Ermekbayev, Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va tashkilotga aʼzo davlatlar madaniy idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda SHHT doirasida madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar 2007-yilda qabul qilingan madaniyat sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bishkek bitimi asosida ikki va koʻp tomonlama aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.

    Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov oʻz chiqishida SHHT davlatlari oʻrtasidagi madaniy hamkorlik doʻstlikni mustahkamlash, oʻzaro hurmat va tushunishni rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

    — «SHHT davlatlari aholisi dunyo aholisining yarmini tashkil etadi. Bu koʻplab qoʻshma madaniy loyihalarni amalga oshirish zarurligini koʻrsatadi. Xalqlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlashda madaniyatning oʻrni beqiyos», — dedi vazir.

    SHHT Bosh kotibi Nurlan Ermekbayev esa SHHT doirasidagi madaniy loyihalar xalqlar oʻrtasida yaqinlik, ishonch va tinchlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdi. Shu bois, gumanitar aloqalarni kengaytirish va xalq diplomatiyasi institutlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi.

    Yigʻilish yakunida ishtirokchilar “2025-yilga moʻljallangan SHHT doirasidagi madaniy almashinuv tadbirlari roʻyxati”ni tasdiqladilar va protokol imzoladilar. Shuningdek, SHHTga aʼzo davlatlar badiiy jamoalari ishtirokida qoʻshma konsert dasturi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.