Xitoyda “Sirdaryo – Syamin” biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    Biznes 27 Fevral 2023 794

    “Sirdaryo – Syamin” biznes-forumi yakunlari boʻyicha bir necha qoʻshma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

    Joriy yil 24-fevralda Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Xitoyning Syamin shahrida (Fuszyan provinsiyasi) oʻtkazilgan “Sirdaryo – Syamin” biznes-forumida ishtirok etdi.

    Tadbirda Oʻzbekistonning Xitoydagi elchixonasi va Sirdaryo viloyati hokimligi, Syamin shahri rahbariyati hamda ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdilar.

    Forumning xitoylik ishtirokchilariga Sirdaryo viloyatining tabiiy sharoiti, mavjud investitsiya salohiyati, hududning drayver sohalari haqidagi atroflicha maʼlumotlar taqdim etilar ekan, oʻzaro manfaatli hamkorlikning asosiy ustuvor yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu, birinchi navbatda, muqobil energiya manbalarini joriy etish va oʻzaro savdo hajmini oshirish sohalarini qamrab oldi.

    Oʻz navbatida, Xitoy kompaniyalari tomonidan ham Sirdaryoda paxta tolasi toʻqimachiligi sohasini rivojlantirish, logistika markazini tashkil etish, muqobil energiya manbalarini joriy etish uchun zarur uskunalarni yetkazib berish, yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida taʼlim olishlari va malaka oshirishlarini tashkil etish, sogʻliqni saqlash, xususan, keksa avlod vakillarini davolash va ijtimoiy xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini amalga oshirishga koʻmaklashish kabi qator aniq tashabbuslar ilgari surildi.

    Biznes-forum yakunida “Wang da group” qoʻshma korxonasi “Changtai Yuanrun Energy saving Technology Co LTD” kompaniyasi bilan stirolin ishlab chiqarish loyihasi uchun 4 million dollar, “Longuan Lantian Cement Co LTD” kompaniyasi bilan qop ishlab chiqarish loyihasi uchun 3 million dollar investitsiya jalb etish, shuningdek, “Peng-Sheng” qoʻshma korxonasi va “Wenzhoy Jinsheng Trading Co LTD” kompaniya oʻrtasida jelatin ishlab chiqarish, marmar xom ashyosi va boshqa toshlarga ishlov berish loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlar imzolandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.