Davlatimiz rahbari Navoiy, Buxoro, Namangan, Qoʻqon, Ohangaron va Chirchiq shaharlari, Zafarobod, Arnasoy, Vobkent, Shofirkon, Kogon, Gʻijduvon, Romitan tumanlarining bandlik va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha rejalari puxta ishlab chiqilmagani, ularda mavjud barcha imkoniyat va zaxiralar hisobga olinmaganini tanqid qildi.
Shu bilan birga, kambagʻallik koʻrsatkichlari respublika boʻyicha yaxshilangan bir paytda, Navoiy, Surxondaryo va Fargʻonada oʻzgarish sezilmayotgani taʼkidlandi.
Prezident kambagʻallikni qisqartirishning eng asosiy mexanizmi – aholini daromadli ish bilan taʼminlash ekanini qayd etdi. Shu bois, maʼmuriy islohotlar doirasida kambagʻallikni qisqartirishga masʼul 5 ta idora yaxlit tizimga aylantirildi.
Endilikda mehnat resurslari va ishsizlik hisobini yuritish ham, bandlikka koʻmaklashish va tadbirkorlikni mahallabay rivojlantirish ham bitta - Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida boʻladi. Bundan tashqari, yangi vazirlikka Xitoydan kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha katta tajribaga ega ekspertlar jalb qilinmoqda.
Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ushbu ekspertlar bilan birga barcha viloyatlarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha amaliy ishlarni tashkil qilish, viloyat hokimlari bilan birga 2023-yil uchun bandlik dasturini tumanlar kesimida qaytadan koʻrib chiqib, tasdiqlash topshirildi.