Xitoyning Usi shahridan chiqqan yuk poyezdi Markaziy Osiyo tomon yoʻl oldi

    Transport 15 Avgust 2022 2089

    13-avgustda Sharqiy Xitoyda joylashgan Szyansu provinsiyasidagi Usi shahridan chiqqan yuk poyezdi Markaziy Osiyo tomon yoʻl oldi.

    Xitoyda nashr etiladigan yetakchi markaziy rasmiy nashr — “Jenmin jibao” gazetasining yozishicha, yuk poyezdiga 1 ming tonnadan ziyod yuk joylashtirilgan. Ular, jumladan, umumiy bozor qiymati 30 million yuan (taxminan 4,4 million dollar) miqdoriga teng boʻlgan maishiy texnika va avtomobillar ehtiyot qismlaridan iborat.

    Poyezd taxminan 20 kundan keyin Oʻzbekiston va Qozogʻistonga yetib keladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Usi shahridagi Gʻarbiy logistika parkidagilar tomonidan maʼlum qilinishicha, pandemiya boshlanganidan keyin mahalliy tashqi savdo korxonalari tovarlarni eksport qilishda qiyinchiliklarga duch kela boshlashgan, yuk tashuvchi yangi temir yoʻlining paydo boʻlishi esa ushbu korxonalar uchun yangi imkoniyatlarni yaratyapti”, deb yozadi “Jenmin jibao” gazetasi.