“Xiva – Islom dunyosining turizm shahri” shiori ostida xalqaro tadbir boʻlib oʻtdi

    Turizm 6 Mart 2024 1778

    Joriy yil 5-martda Xiva shahrining Ichan-qalʼa majmuasida “Xiva – Islom dunyosining turizm shahri” shiori ostida xalqaro tadbir boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Islom hamkorlik tashkilotining kotibiyati, ekspertlari va uning tarkibidagi tashkilotlar, Turizm qoʻmitasi va Xorazm viloyati hokimligi rasmiylari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Maʼlumot uchun: 2022-yil 27-29-iyun kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) aʼzo davlatlar turizm vazirlarining XI sessiyasida Xiva shahriga 2024-yilda “Islom dunyosining turizm shahri” maqomi berilgan edi.

    Sessiyada Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari — Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov tomonidan oʻtkazilgan taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan turizm sohasida yuritilayotgan ochiqlik siyosati, viza rejimining soddalashtirilishi, madaniy merosni saqlash, tarixiy shaharlarni obodonlashtirish kabi islohotlar hamda Xiva shahrining tarixi, madaniyati va turizm salohiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Bu eʼtirofi – ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, yangi infratuzilma obyektlari, muzey va ekspozitsiyalar barpo etish, sayyohlik xizmatlari eksporti hajmini oshirish imkonini beryapti.

    “Xivaga Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan Islom dunyosining turizm shahri maqomining berilishi xalqaro turizm bozorida Xivani turistik destinatsiya sifatida yanada tanilishiga imkoniyat yaratadi, – dedi Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov.

    Markaziy Osiyodagi eng diqqatga sazovor shaharlardan biri Xiva, mintaqada butunligicha saqlanib qolgan yagona nodir obida-shahardir. U oʻzining qadimiy obidalari bilan mashhur boʻlib, dunyoning barcha burchaklaridan sayyohlarni oʻziga tortadi. Xiva shahri 1990-yil 12-dekabrda YUNESKOning Kanadada boʻlib oʻtgan XIV sessiyasining maxsus qarori bilan Oʻrta Osiyoda birinchi boʻlib “Butun jahon merosi” sifatida roʻyxatga olingan.

    “Maʼlumki, Xiva oʻtmishda madaniyat va ilm markazi sifatida tan olingan, — deb taʼkidladi Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotib oʻrinbosari Ahmad Kavesa Sangendo.

    Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotib oʻrinbosari Ahmad Kavesa Sangendo tomonidan Xivaga 2024-yilda “Islom dunyosining turizm shahri” maqomi berilganligi munosabati bilan Xiva tuman hokimiga sertifikat topshirildi.

    2024-yil may oyida Xiva shahrida Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining XII sessiyasi oʻtkaziladi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.