Tadbir Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi hamda “Ichan qal’a” tarixiy majmuasi va “Arda Xiva” zamonaviy sayyohlik markazi kabi noyob joylarda o‘tkazildi. Bu yil festivalga 186 ming nafar mehmon tashrif buyurdi, jumladan 150 ming mahalliy va 36 ming xorijiy sayyohlar.
Festivalning eng yorqin voqealaridan biri esa “Eng katta qovun degustatsiyasi” bo‘yicha jahon rekordining o‘rnatilgani bo‘ldi.
Guinness World Records tomonidan berilgan rasmiy sertifikatga ko‘ra, rekord 2026-yil 9-avgust kuni Xiva shahrida qayd etildi. Unda 259 kishi bir vaqtda 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rdi. Rekordni tasdiqlash jarayonida Guinness World Records rasmiy hakami, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Sheyda Subashi Gemiji ishtirok etdi.
Qayd etish kerakki, festivalning barcha kunlari taniqli san’atkorlarning yorqin chiqishlari hamda mahorat darslari, ko‘rgazmalar va tanlovlarni o‘z ichiga olgan boy ko‘ngilochar dastur bilan o‘tkazildi. Tantanali yopilish marosimi davomida esa rus xonandasi MakSim o‘z chiqishi bilan mehmonlarga zavq bag‘ishladi.
Festivalda Xorazm viloyati tumanlari, yetakchi fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar o‘z stendlarida o‘nlab qovun navlarini, shuningdek, viloyat mahsulotlari, texnologiyalari va yutuqlarini namoyish etdilar. Mehmonlar turli xil qovunlardan tatib ko‘rish, ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashish va Xorazmning qishloq xo‘jaligi an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Festivalning yakuniy qismida g‘oliblar e’lon qilindi: uchinchi o‘ringa Urganch davlat universiteti, “UzAuto” Xorazm filiali, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Xorazm viloyati boshqarmasi munosib ko‘rildi, ikkinchi o‘rinni Xorazm viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi band qildi, birinchi o‘rinni Yangiariq tumani hokimligi egalladi, bosh sovrin esa Xiva shahar hokimligiga nasib etdi.
“Qovun sayli” festivali Xorazm viloyatining yuqori sayyohlik salohiyatini yana bir bor tasdiqladi va agroturizmni rivojlantirish hamda mintaqaning zamonaviy va mehmondo‘st sayyohlik maskani sifatidagi obro‘yini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.