Bemorning onasi toksikolog xonasida oʻz xizmat faoliyatini oʻtayotgan navbatchi shifokor N.Tashpoʻlatovaga oʻgʻli bir necha kundan beri spirtli ichimlik ichayotganligini bildirgan.

Navbatchi shifokor oʻsha vaqtda boshqa bemorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazayotganligini va bundan soʻng ularni ham qabul qilib, kerakli yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirgan.

Shunga qaramay, bemorning onasi tibbiyot xodimlariga nisbatan turli haqoratli va tuhmat soʻzlar bilan eʼtiroz bildirishni boshlagan. Bu ham yetmagandek bemor U.N. toʻsatdan shifokor N.Tashpoʻlatovaga ogʻir tan jarohati yetkazgan.

— Shifokor N.Toshpulatovada bosh miya shishi asorati kuzatilib, “Koʻshma kraniofatsial jarohat. Ogʻir darajadagi bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya ogʻir darajada lat yeyishi. Subaraxnoidal qon quyulishi. Burun suyaklari va burun toʻsigʻi sinib siljishi. Ensa va burun sohalarni yumshoq toʻqimalarining lat yeyishi. Nazogemorreya” tashxisi bilan neyroreanimatsiya boʻlimiga yotqizildi, — deydi ushbu markaz direktori Doniyor Alimov. — Ayni paytda u kuchli karaxtlik darajasida boʻlib, ogʻir ahvolda davolanmoqda. Bemor atrofdagilarga sekin reaksiya berib, muloqotga kirishishga qiynalmoqda.

Xizmat vazifasi vaqtida bemor tomonidan nohaq kaltaklangan shifokor N.Tashpulatova 2017-yildan buyon shifokor-toksikolog lavozimida ishlab kelmoqda, oʻz xizmat vazifasini klinik protokollarga rioya qilib, talab darajasida bajarib kelgan.

Oxirgi paytlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, shifokorlarning sogʻligʻiga ogʻir ziyon yetkazish, tahqirlash holatlari yana uchrab turgani barchamizni tashvishga solmoqda. Pandemiya avj nuqtaga kirgan eng ogʻir davrlarda ham, hozir ham shifokorlarning xalqimiz salomatligi yoʻlida fidoyilik bilan qilgan mehnatlariga barcha guvoh boʻlib turibdi. Shifokor hech qachon, hech kimga yomonlikni ravo koʻrmaydi, aksincha, huzuriga shifo istab kelgan har bir bemorga bor kuch-salohiyati, bilimini ishga solib begʻaraz koʻmak beradi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huquq-tartibot organlaridan jamiyatimizda koʻpchilikni oʻylantirayotgan bunday illatlarga qarshi kurashning taʼsirchan va samarali usullarini joriy etib, shifokorlarning haq-huquqlarini qatʼiy himoya qilishlarini talab qiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.