XMI mablagʻlari jalb etilgan loyihalarni amalga oshirish jarayoni koʻrib chiqildi

    Investitsiyalar 27 Sentabr 2022 1377

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Jahon Banki bilan birgalikda Oʻzbekistonda xalqaro moliya institutlari mablagʻlari jalb etilgan loyihalarni amalga oshirish jarayonini tahlil qilishga bagʻishlangan yigʻilishlar oʻtkazdi.

    Xususan, videokonferensaloqa tarzida OTB bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Bankning Oʻzbekistondagi joriy portfeli aholi punktlarini obodonlashtirish va infratuzilmaviy rivojlanish, aholining toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan jami 3,3 milliard dollarlik 21 ta loyihadan iborat ekanligi taʼkidlandi. Loyihalarni hayotga tatbiq etish jarayoni ularni amalga oshirishning har bir bosqichida tarmoq jadvallarining bajarilishi nuqtayi nazaridan koʻrib chiqildi.

    Xuddi shunday konstruktiv ruhda Jahon banki (JB) vakillari bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi. Bevosita uchrashuv davomida tomonlar JB koʻmagida mamlakatda amalga oshirilayotgan loyihalarni tahlil qildilar. Eslatib oʻtamiz, Bank Oʻzbekistonda qishloq va suv xoʻjaligi, transport, energetika, urbanizatsiya, taʼlim va sogʻliqni saqlash kabi ustuvor yoʻnalishlarda jami 4,9 milliard dollarlik 28 ta loyihani moliyalashtiryapti.

    Uchrashuv davomida loyihalarni boshqarish jarayonlarini takomillashtirish, shu jumladan asbob-uskunalar va materiallar sotib olish, shuningdek loyihalarga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar xodimlarining kasbiy mahorati va bilimlarini yanada rivojlantirish boʻyicha bir qator konstruktiv takliflar ilgari surildi.

    Yigʻilishlar yakunida tegishli “Yoʻl xaritalari” tasdiqlandi hamda loyihalarni amalga oshirishning aniq muddatlari va vazirlik va idoralarning masʼul rahbarlari belgilandi. Mutasaddilarga moliya institutlari tomonidan ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish va loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirishni taʼminlash yuzasidan manzilli koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.