“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirigʻiga asosan konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni koʻpaytirish, uglevodorodlar zaxirasini oshirish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, quduqlarda kapital taʼmirlash ishlarini bajarish barobarida, yangi quduqlar burgʻilanib, tugatilgan quduqlar majmuasida turganlari esa qayta taʼmirlanib ishga qoʻshilmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJning Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Xojikazgan” konidagi 52-sonli quduqda ham kapital taʼmirlash ishlari olib borildi. “Oʻzneftgazquduqtaʼmirlash” AJ mutaxassislari tomonidan olib borilgan kapital taʼmirlashdan soʻng, quduq ishga tushirildi.

Ushbu quduqda 1930–1919, 1913–1913 metr oraligʻlarida perforatsiya ishlaridan soʻng oʻzlashtirish natijasida quduqdan oʻrtacha kunlik 50 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz va 0,5 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishildi.

Maʼlumot uchun: “Xojikazgan” gaz kondensat koni Buxoro viloyatining Qorakul tumanida joylashgan boʻlib, 2006-yilda ishga tushirilgan.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati