Xonadonbay ishlash tizimi aholining ogʻirini yengil qilmoqda

    Fargʻona viloyati Buvayda tumanidagi aksar qishloqlarning ikkita nomi bor. Masalan, Shoʻr qishloqning ikkinchi nomi “Koʻrpachilar”, Oqqoʻrgʻonniki “Anjir qishloq”... “Tandir qishloq”ning nomi aslida “Gul”ligini uncha-muncha yoshi kattalar ham bilmaydi. Aslida ikkinchi nom qishloq ahlining qaysi yoʻnalishdan daromad topishini bildiradi. Sodda qilib aytganda, har bir qishloq yoki mahalla maʼlum yoʻnalishga “ixtisoslashgan”.

    Biz borgan hudud — “Tog‘liq” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi esa har sohada faol. Shu boismi, ko‘chada bekor yurgan insonni uchratmaysiz. Hamma harakatda. Hech kim nolishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Qiynalgan aholiga esa davlat yordam qo‘lini cho‘zib turibdi. Odamlarning oyoqqa turib olishi uchun subsidiya berilyapti, imtiyozli kredit ajratilyapti. Ayniqsa, aholining ehtiyojmand qatlami bilan manzilli ish olib borish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yurtdoshlarimiz muammolarini “xonadonbay” hal etish orqali ularning hayoti ijobiy o‘zgarishlarga yuz tutmoqda.

    Tikuv mashinasi ayollar o‘rtasida sog‘lom raqobat uyg‘otdi

    Inson bor imkoniyatini ishga solsa, hayotida nimadir o‘zgarar ekan. Qishlog‘u mahallalarda yurib, buning isbotini har qadamda ko‘ryapmiz. Yeriga mehr berib, undan samarali foydalanayotganlar qancha?!

    Tog‘liq mahallasida yashovchi Shahnoza Mahkamova “Tog‘liq”qa kelin bo‘lib tushganiga 20 yildan oshdi.

    Biz o‘zbek ayolining qiyofasini shu xonadonda ko‘rdik. Hovli yuzidagi kichkina joyda rangga kirgan pomidor erta-indin pishadi. Rayhon, jambil, ukrop, kashnich, sarimsoqpiyoz, piyoz — taom uchun barcha tabiiy vitaminlar tomorqada baravj o‘syapti. Tartib bilan yuqoriga tortilgan bodringlar iste'molga tayyor. Gilos shig‘il mevaga kirgan. Katta gul tuvaklarga ekilgan limonlar ham mevalarini ko‘z-ko‘z qiladi.

    Xullas, Shahnoza opa ro‘zg‘or ishidan ortib, oilaga qo‘shimcha daromad keltirishni istardi. Mahalla raisining maslahati bilan “Ayollar daftari”ga va o‘g‘illari “Yoshlar daftari”ga kiritildi.

    – Dastlab bu daftar qanaqa daftar ekan, deb hayron bo‘ldim. Yashirmayman, ishqilib birov bilib qolmasin degan andisha ham bo‘ldi, —deydi Shahnoza opa uyalib. – Keyin bilsam, biz kabi ishga muhtoj ayollarni ish bilan ta'minlash uchun shu tartibda imkoniyat yaratilgan ekan. Mahalla yordami bilan tikuv mashinasi olish uchun hujjat tayyorladim. Tuman hokimligidan vakillar kelib, sharoitimizni o‘rganishdi. So‘ng ikkita tikuv mashinasi ajratildi. Bittasi – to‘g‘ri chok, ikkinchisi – averlok. Davlat tomonidan o‘qitishdi, ish o‘rgatishdi. Shundan so‘ng o‘zimga ishonch hosil qilgach, yostiq jild tikishni boshladim. Hozir yarim tayyor mahsulot olib, shuni tikyapman. Ro‘zg‘orimizga foydam tegayotgani sezildi. Yonimga “Ayollar daftari”dagi bir qo‘shnim ham qo‘shildi. Gaplashib o‘tirib, ancha-muncha yostiq jild tikib qo‘yyapmiz. Ishimni kengaytirishni o‘ylayapman. Chunki yostiq jildga bozorda talab bor.

    Hozir Shahnoza opa ham, o‘g‘li ham “daftarlar”dan chiqqan. Tikuv mashinasi sabab mahalla ayollari harakatga tushib qoldi. Zulfiya opa, Muyassar opa, Muhayyo opalarning bir oyog‘i shu yerda.

    — Uyda o‘tirib ham pul topish mumkinligini ko‘rib, hatto bir qo‘shnim astoydil ish o‘rgandi. O‘zi qo‘lda, qizi eski tikuv mashinasida yostiq jild tikdi, — deya hikoyasini davom ettiradi opa. — Ajratilgan tikuv mashinasi ortidan mahalladagi qanchadan-qancha ayolning hayoti o‘zgardi. Kayfiyati ko‘tarildi. Imkoni borlar tikuv mashinasi sotib olib, ish boshlayapti. Hamma tikib, bozorga — xaridorga yetkazyapti. Avvalgiday ko‘chada gap sotib o‘tirish yo‘q. Ish bilan bandmiz. Qolaversa, qo‘limiz pul ko‘ryapti. Yaqinda “Ayollar daftari”da edim, hozir meni tadbirkor deyishyapti...

    Odam mehnatdan qochmasa, maqsadga erishadi

    Yoshlar — millat, Vatan kelajagi. Bugun ularga berilayotgan e'tibor ertaga albatta natija beradi. Yoshlarning bilim olishi, hunar egallashi uchun mamlakatimizda yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar zamirida ham shu ma'no bor. Davlatimiz rahbarining yoshlar tadbirkorligiga keng yo‘l ochish, ularning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslari tufayli bugun ular marrani baland olyapti. Boisi, Prezident bergan motivasiya ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttiryapti.

    Tog‘liqlik yosh tadbirkor Islomjon Nishonov 27 yoshda. U 2014 yili ustaga shogird tushdi. Arra-yu randa bilan ishlashning hadisini oldi. 2018 yili bankdan 20 million so‘m imtiyozli kredit olib, mustaqil ish boshladi. Ustaxonada shkaf, stol-stul, kreslo-divan kabi mebel' jihozlari tayyorlanadi. Islomjon o‘zi kabi to‘rt tengdoshini ham ish bilan ta'minladi. Beshta shogirdiga hunar sirlarini o‘rgatyapti. U tadbirkorlikni boshlagan kezlarini shunday esga oladi:

    – Dastlab ish boshlaganimizda “Soliq kelib tinch qo‘ymaydi hali” degan gaplar bo‘ldi. Yo‘q, unday bo‘lmadi. Qaytanga hamma bizni qo‘llab-quvvatladi. Mahalla faollaridan tuman hokimigacha ishonch bildirib turibdi. Ba'zan sektor rahbari kelib qoladi, xuddi sizlarga o‘xshab. Biz xursand bo‘lamiz. Eshigimiz kecha-yu kunduz ochiq. Goh ishimizni ko‘rishga kelishadi, goh xaridorlar eshik qoqadi. Xalq koriga yarayotganimizdan xursandmiz.

    Hali yoshmiz. Xorijda ishlab kelgan yurtdoshlarimiz bilan gaplashib, odam qaerda yashashidan qat'i nazar mehnatdan qochmasagina maqsadiga erishishi, yaxshi yashashini tushundim...

    Islomjonning gapida jon bor. Darhaqiqat, bugun mehnat qilgan odamning qorni to‘q, egni but.

    Soya-salqin dalalar bo‘ylab borarkanmiz, maydon chetidagi temir doskaga yozilgan ro‘yxat e'tiborimizni tortdi. Mahalla raisi yordamchisi Yoqubjon Jo‘raev savolimizni angladi chog‘i gap boshladi:

    – “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 72 nafar yigit-qizning 45 nafariga 10 sotixdan yer ajratildi. Yerga kartoshka, qizil lavlagi ekildi. Birinchi hosilni olishgach, o‘rniga yana ekin ekishadi. Bu orqali ularning bandligi ta'minlanyapti. Yoshlar qilgan mehnatiga yarasha hademay hosil ko‘taradi.

    Ro‘yxatda kimga qaysi yer ajratilgani yozilgan. “Daftar” kundan-kunga qisqarib boryapti. Ikki nafar yosh “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan bepul haydovchilikka o‘qitilyapti. Navbatda yana 5 nafari turibdi. Ayrimlari imtiyozli kredit olib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi.

    Hashar elni birlashtiradi

    Qishloq odamlari quyoshdan avval uyg‘onadi. Kun quyuq terakzor oralab qishloqqa yoyilguncha uy ishlari maromiga yetadi. Keyin hamma o‘z ishiga ketadi: dehqon dalasiga, ishchi ishiga.

    Bugun tong sahardan Tog‘liq mahallasi xonadonlarida hashar boshlandi. Sakson ikki yoshli Cho‘lponoy aya pilla hashari bahona mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘ni ko‘rib bir quvonsa, barglar orasida kumushdek tovlanayotgan pilla donalariga qarab ko‘ngli yanada ko‘tarildi. Kelini Salima opa qaynonasining kayfiyati chog‘ligini ko‘rib xotirjam tortadi.

    Kun tikkaga kelguncha hashar nihoyalab qoldi. Salima opaning kenjatoy kelini Shahodat osh damlaguncha oila boshi Sobir aka o‘g‘illari Shermuhammad va Samandar bilan pillani tuman markaziga topshirib keldi.

    – Bolaligimizdan ipak qurti boqib ulg‘aydik. O‘quvchilik yillarimiz ham tong sahardan “barg”ga ketardik, – deydi oila bekasi, pillakor Salima opa.

    – Kattalar o‘z ishi bilan band, biz esa tut terib yerdik. Shu tariqa ko‘zimiz pishdi. Bu yil “Ota makon” fermer xo‘jaligidan taklif bilan kelishganida bajonidil qabul qildik. Qaynonam – usta pillakor. Barcha ishga bosh-qosh bo‘ldi. O‘zingizni urintirmang, bolalar bilan eplaymiz, deyishimizga qaramay, tinmadi. Mehnatga yarasha rag‘bat oldik. Uch quti ipak qurti evaziga 200 kiloga yaqin pilla topshirdik. Oziq-ovqat bilan ta'minlashdi. Qolaversa, 4 million so‘m pul oldik. O‘g‘lim va ikki kelinimning mehnat daftarchasiga bir yillik ish staji yozildi. O‘tin ham foydamizga.

    Har bir oila – tadbirkor

    Mahallada salkam 100 yoshni qarshilagan Huvaydo momo yashar ekan. Ko‘pni ko‘rgan onaxonni ziyorat qilishga kirdik. Bolalik xotiralarini esladi. Bugungi kunidan shukronalik hissi bilan to‘lib-toshib yashayotgan momo issiqxonadan gap ochdi.

    – Mahallamizda har bir oila tadbirkor aslida, – dedi kulib momoning o‘g‘li Mahmud Dehqonov. – 2018 yil Agrobankdan 15 million so‘m kredit olib, issiqxona tashkil qildik. Limon ko‘chatlari ekdik. Bu yil hisobidan ko‘rib turganingiz pomidor va bodring ko‘chatlari uchinchi hosilimiz. Bungacha ikki marta ko‘kat ekdik. Ro‘zg‘ordan orttirib, bir yilda 30-40 million so‘m daromad qilamiz.

    Mahmud akaning daromadi faqat issiqxonadan emas. Hovlidagi 20 uya asalari hamda parranda ham unga qo‘shimcha ish. Kuni kecha 600 ta tovug‘ini bozorga chiqargan tadbirkorning yana 100 ga yaqin parrandasi bor.

    Mahmud akaning rejalari bisyor. Qishloq chetidagi tashlandiq yerni olib obod qilmoqchi. 2000 ta parranda va qoramol boqishni yo‘lga qo‘ymoqchi. “Bu orqali, albatta, ishchi o‘rni yarataman”, deydi tadbirkor.

    Bugun Tog‘liq mahallasida har bir xonadon o‘zgarishlardan mamnun. Asfal't qilingan ko‘chalar, yangi o‘rnatilgan baland suv “minora”si, 3 ta uy-bog‘cha, mahalla bolalari uchun qurilgan 120 o‘rinli boshlang‘ich maktab binosi — ham