Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 11-mart kuni Jondor tumani Qozoqon mahallasida yashovchi fuqaroning uyida sodir boʻlgan. Nomaʼlum shaxs oʻsha kuni soat 19:00 dan 23:00 ga qadar boʻlgan vaqt mobaynida fuqaroning uyiga gʻayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasidagi temir seyfni kalit tanlash yoʻli bilan ochgan. Natijada u seyf ichida boʻlgan 27 million 600 ming soʻm pullarni oʻgʻirlab, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni shu mahallada yashovchi, 2006-yilda tugʻilgan, tumandagi kasb-hunar maktabi 2-bosqich oʻquvchisi sodir etganligi aniqlangan.
“Hozirgi kunda ushbu shaxsning viloyat hududlarida sodir etilgan boshqa shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davom etmoqda”, deyiladi tuman IIB xabarida.