Bugungi kunda dunyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish miqyosini kengaytirish tobora dolzarb masalaga aylanmoqda. energiya resurslariga bo'lgan talabning oshayotgani, uglevodorod xomashyosi zaxiralarining kamayib borayotgani yangi muqobil energiya manbalarini topishni va joriy etishni taqozo etmoqda.
So'nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilib, energetika sohasini rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratildi
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning o'rtacha yillik miqdori 69-72 milliard kVt/soatni tashkil etib, 2030-yilgacha ushbu ko'rsatkichni 2 barobarga oshirish nazarda tutilmoqda. Energetika sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish natijasida davlat-xususiy sheriklik asosida qiymati 7,4 milliard AQSH dollariga teng bo'lgan jami 19 ta loyiha amalga oshirilib, shundan bugungi kungacha 12 ta loyiha bo'yicha tegishli bitimlar imzolangan.
2020-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori dunyo bo'yicha o'rtacha 29 foizni tashkil etgan. Rivojlangan davlatlar energetika tizimida esa, umumiy quvvatning 40-60 foizi qayta muqobil energiya hisobiga to'g'ri keladi. QTEMlar yuqori darajada foydalanilayotgan davlatlarda asosan gidroenergiyadan foydalanish katta ulushga ega va ayrim mamlakatlarda bu jihat 100 foizga foydalanish deb baholanadi.
Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan “2020-2030-yillarda O'zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta'minlash kontseptsiyasi”ga binoan 5 GVt quyosh fotoelektr va 3 GVt shamol elektr stansiyalari qurilishini amalga oshirish orqali sanoat ko'lamidagi QTEM elektr stansiyalari miqdorini oshirish rejalashtirilgan. Gidroenergetika resurslarimiqdorini yaqin istiqbolda 15 foizga, QTeM hisobidan ishlab chiqariladigan umumiy elektr energiyasi ulushini esa, 25 foizdan ziyodroqqa etkazish maqsad qilingan.
Mazkur rejalar, o'z navbatida, yangi elektr tarmoqlari qurilishi va eskilarini yangilanishi, energetika tizimini raqamlashtirish, moslashuvchan energiya manbalarini qurish va eski issiqlik elektr stantsiyalari portfelini yangilash, Markaziy Osiyo mintaqaviy energetika tizimlarini muvofiqlashtirish va kadrlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish kabi ishlar bilan bir vaqtda bajarilmoqda.
O'zbekiston muqobil energetikasiga investitsiyalar kiritish istagida bo'lgan xorijiy va mahalliy sarmoyadorlarning qiziqishi ortib boryapti. Misol uchun, Qorao'zak tumanida 100 MVt shamol elektr stantsiyasi qurish loyihasiga 70 ta kompaniya qatnashishga hujjat topshirgan, Sherobod quyosh fotoelektr stantsiyasida qurish tanlovida qatnashish uchun 54 ta kompaniya va konsortsiumlardan takliflar kelib tushgan.
Shuningdek, energiya samaradorlik va kichik hajmdagi “yashil energiya” loyihalariga ham sarmoya qilish istagida bo'lganlar soni ko'paymoqda. Biroq, elektr energiyasini sotish narxi va xususan sotib olish tarifi ushbu loyihalardan manfaatdorlik masalalarini qayta ko'rib chiqishni taqozo etyapti. Shu bois energetika vazirligi tomonidan Evropa taraqqiyot va tiklanish bankining texnik ko'magida “Economic Consulting Associates Limited” kompaniyasi bilan yangi tarif metodikasini ishlab chiqish ishlari olib borilyapti.
Davlat-xususiy sheriklik asosida QTEM elektr stantsiyalari loyihalarini amalga oshirishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish dolzarb masalalar sirasiga kiradi. Ularning bu quyosh, shamol elektr stantsiyalarini barpo etish bo'yicha o'tkazilayotgan tanlovlarining shaffofligini ta'minlashdagi texnik ko'magi, ayniqsa, asqatmoqda. Bu investitsiya loyihalarining jozibadorliginni va xorijiy sarmoyadorlarning qiziqishini orshirgani holda, tanlov jarayonlarining tartibli va shaffof tashkil etilishiga imkon yaratmoqda.
Misol uchun, 2019-yilda Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK) texnik ko'magida o'tkazilgan quyosh fotoelnetr stantsiyasi qurilishi loyihasi (Solar scaling ) tanlovida Saudiya Arabistonining “Abu Dhabi future energy company - Masdar” kompaniyasi g'olib bo'lgan edi. “Masdar” tomonidan Navoiy viloyati Karmana tumanida quvvati 100 MVt bo'lgan quyosh stantsiyasi barpo etilib, shu yilning 27-avgustidan yagona energetika tizimiga “yashil energiya” yetkazib berishni boshladi. Ushbu QFES yiliga 260 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu 80 million kub metr tabiiy gaz sarf qilgan holda elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga teng bo'lgan ekvivalentdir. Mazkur loyihaga 70 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya jalb qilingan.
XMK bilan Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumani va Jizzax viloyati G'allaorol tumanida xar biri 220 MVt quvvatga ega bo'lgan QFES qurish loyihalari uchun o'tkazilgan tanlovlar yakunlanib, g'oliblar bilan shartnomalar imzolandi. “Masdar” tomonidan rekord darajada past bo'lgan 1 kVt.soat elektr energiyasi uchun o'rtacha 1,6 AQSH tsenti tarif miqdori taklif etilgan.
Joriy yil Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda o'tkazilgan Surxondaryo viloyati SHerobod tumanida QFES qurish loyihasi tanlovida ham ushbu kompaniya tomonidan eng raqobatdosh tarif taklif etilib, g'olib bo'ldi. Shu yil avgust oyida XMK bilan Buxoro viloyatida 250 MVt, Namangan viloyatida 150 MVt va Xorazm viloyatida 100 MVt QFeS qurish loyihasi tanlovlari e'lon qilindi. Hozirgi vaqtda OTB bilan Qashqadaryo viloyatida 300 MVt va Farg'ona viloyatida 100 MVt muqobil energiya stansiyalari qurish loyihasi uchun tanlov oldi o'rganish ishlari olib borilyapti.
Shamol elektr stantsiyalari (SHeS) loyihalari tanlovlari Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. ShES qurish loyihasining birinchi fazasi bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Qorao'zak tumanida quvvati 100 MVt bo'lgan ilk stantsiya barpo etish loyihasi tanlovining g'olibini e'lon qilish joriy yil 16-sentyabr kuni bo'lib o'tdi. Tariflar taklifini e'lon qilinishi asosida g'olib ma'lum bo'ldi. Uning moliyaviy ma'lumotlari qayta tekshirilganidan so'ng rasman e'lon qilinadi. Ushbu loyihaning ishga tushishi yiliga 350 million kVt.soat qo'shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun imkoniyat yaratadi.
Hududlarda o'tkazilgan o'rganishlar xulosalari qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa rejalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini kuchaytirishni kun tartibiga qo'ymoqda. Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yuzasidan investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish bo'yicha chora-tadbirlarni ham faollashtirishni taqozo etyapti.
QTEMdan foydalanishni rivojlantirish uchun mavjud huquqiy asoslarni takomillashtirish, texnik normativ tartibga solish hujjatlarini mukammallashtirish, strategiya va metodikalarni ishlab chiqish, ilmiy-texnik va kadrlar tayyorgarligini oshirish, shuningdek institutsional o'zgarishlarni amalga oshirish lozim bo'ladi.
Yurtimizda qayta tiklanuchi energiya manbalaridan foydalanishning rivojlanishi ekologik muammolarning oldini olishga, qazilma energiya resurslariga bo'lgan talab o'rnini qoplash va yangi iqtisodiy soha taraqqiyotini ta'minlaydi. Zero, ona tabiat o'lkamizni o'zining beminnat in'omi — oqar daryolari, serquyosh kunlari va shamolli hududlari bilan siylagan, Bu bebaho ne'matlardan samarali foydalanish yurtimiz xonadonlarini charog'on, aholini farovon qilishga xizmat qiladi.
Nosirjon AMINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati