Xonobodda gidro inshoot foydalanishga topshirildi

    Energetika 25 Dekabr 2023 1122

    25-dekabr kuni Andijon viloyati Xonobod shahrida yangidan barpo etilgan Xonobod mikro GESning ochilish marosimiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

    Unda Andijon viloyat va Xonobod shahri hokimligi vakillari, “Oʻzbekgidroyenergo” AJ masʼul rahbarlari, hududiy faollar hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Bu haqda»Oʻzbekgidroenergo» matbuoti xabar berdi.

    Xonobod shahri Oʻng qirgʻoq kanali PK-37da barpo etilgan ushbu mikro GES jamiyatning toʻliq oʻz mablagʻlari hisobidan qurilgan boʻlib, buyurtmachi tizim tashkiloti hisoblangan “1-qurilish direksiyasi” unitar korxonasi boʻldi, “Gidroproyekt” AJ tomonidan asosiy loyihalashtirish ishlari bajarildi.

    Mazkur mikro GESning quvvati 650 kVt, yiliga oʻrtacha 3,6 mln. kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Inshootda har birining quvvati 325 kVtdan boʻlgan 2 ta gorizontal “Kaplan” turidagi S-turbinali gidroagregatlar oʻrnatilgan. Bu turdagi agregatlar respublikamizda birinchi marta ishlatilyapti. Afzalligi – mikro GES 6 m3/s suv sarfi bilan toʻliq quvvatda ishlasa-da, lekin bitta agregat atiga 1 m3/s suv bilan ham elektr energiya ishlab chiqaradi.

    Xonobod mikro GES ishga tushishi natijasida mahallabay tizim orqali “Teyit” hamda “Yangi hayot” mahallasining qariyb 1 500 ta xonadoni elektr energiya bilan taʼminlanadi. Shu bilan birga, bir yilda oʻrtacha 1 mln. kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

    GESdagi barcha uskunalar tizimning tarkibiy boʻlinmasi boʻlgan “Suvsanoatmash” AJda tomonidan ishlab chiqarildi.