Xorazm viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining katta tezkor vakili Xiva shahri hududida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekish uchun ajratilgan 12 sotix yer maydonida uy-joy qurishga ruxsat olib berishni vaʼda qilib, hokimiyat idoralarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali masalani hal qilib berish evaziga fuqarodan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Shuningdek, Fargʻona viloyatida kuzatilgan holatda Buvayda tumanida yashovchi, 1998-yilda tugʻilgan shaxs 2006-yilda tugʻilgan tanishi bilan til biriktirib, oʻzi va 14 nafar yoshga dehqonchilik qilish uchun davlat tomonidan imtiyozli shartlar asosida ajratilgan jami 3 gektar yer maydonini tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 115 million soʻm talab qilgan. Ular 9 500 AQSH dollari va 700 ming soʻm olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.

Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari hamda 229-6-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.