Xorazm viloyati sanoatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi

    Sanoat 28 Iyun 2022 1251

    Joriy yil 28-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi Xorazm viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi holatini oʻrganish va uni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadida mazkur hududga yoʻl oldi.

    Komissiya aʼzolari korxonalar va sanoat obyektlarida boʻldilar hamda tadbirkor va eksportchilar bilan muloqot qilib, ishlab chiqarish va eksport faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muhokama etdilar, shuningdek, xususiy sektor vakillari amalda duch keladigan muammolarni koʻrib chiqdilar.

    Oʻtkazilgan tahlil natijalari Komissiya aʼzolari hamda viloyatning tuman va shaharlari mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida videokonferensiya tarzida boʻlib oʻtgan yigʻilishda oʻrganildi.

    Yigʻilish kun tartibi doirasida hududiy investitsiya dasturining amalga oshirilishi koʻrib chiqildi. Jumladan, joriy yilda viloyatda qiymati 6,4 trillion soʻmlik 698 investitsiya loyihasini hayotga joriy qilish rejalashtirilgan boʻlib, buning natijasida 15,3 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Hozirgi kunga qadar ishga tushirilgan ishlab chiqarish obyektlari faoliyati, shuningdek, hududning ustuvor tarmoqlarida yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish boʻyicha ishlarning borishi oʻrganildi.

    Komissiya rahbariyati viloyatda sanoat sohasidagi loyihalar ulushini oshirish va ushbu yoʻnalishda hududda tashkil etilgan “loyiha guruhlari”ning mahalliy hokimiyat organlari va viloyatning tuman va shaharlariga biriktirilgan tarmoq rahbarlari bilan birgalikdagi faoliyatini kuchaytirish zarurligini taʼkidladi. Viloyatning tuman va shaharlari kesimida “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan yuqori texnologik sanoat loyihalarini amalga oshirish maqsadida istiqbolli tarmoqlarda yangi investitsiyaviy takliflarni ishlab chiqish boʻyicha saʼy-harakatlarni faollashtirish topshirildi.

    Bundan tashqari, eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash masalalari koʻrib chiqildi. Mutasaddi rahbarlar tadbirkorlar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilishda amaliy yordam koʻrsatish va viloyatning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishni nazarda tutgan holda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarning borishi haqida hisobot berdilar.

    Uchrashuv yakunida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatma va topshiriqlar berildi. Yaqin vaqt ichida Komissiya aʼzolari joylardagi vaziyatni yanada chuqurroq tahlil qilish va hududning sanoat-iqtisodiy rivojlanishini ragʻbatlantirish strategiyasini ishlab chiqish maqsadida Xorazm viloyatida oʻz faoliyatini davom ettiradilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.