Unda viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi holat tanqidiy muhokama qilindi.
Maʼlum qilinishicha, 2025-yilda Xorazm viloyatida 2024-yilga nisbatan korrupsiyaviy jinoyatlar soni 34 foizga kamaygan. Shunga qaramay, korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori boʻlgan ayrim sohalarda ushbu illatning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi yetarli darajada taʼminlanmagani qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanovning maʼlum qilishicha, 2025-yilda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygani hamda davlat xizmatida tadbirkorlik bilan shugʻullanishga oid cheklovlarga rioya etmagani uchun 12 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Shu bilan birga, viloyat, tuman va shahar hokimliklarida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida 60 ga yaqin boshqaruv xodimlarining tadbirkorlik subyektlarida taʼsischi yoki rahbar sifatidagi faoliyati saqlanib qolayotgani aniqlandi.
Majlisda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid vazifalar ijrosida tizimli kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 10 nafardan ortiq masʼul rahbarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish boʻyicha Milliy kengashga taklif kiritilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, sohalarga masʼul rahbarlarning tushuntirishlari tinglandi.
Yigʻilishda Hazorasp tumanini “Korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirishga qaratilgan alohida amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi. Muhokama yakunida masʼullarga tegishli vazifalar yuklanib, ularning ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishi taʼkidlandi.