Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tizimida ishlayotgan xodimlarning, xususan, rahbarlarning davlat xizmatchisi obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan har qanday xatti-harakat sodir etishdan tiyilishi, ularni jamiyatda oʻrnatilgan axloq normalariga rioya qilishi yuzasidan muntazam choralar koʻrib boradi. Shu bilan birga, koʻp ming sonli xodimlarning har birini ishdan tashqari vaqtda odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish imkoniyati cheklangan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda qayd etilgan vazirlik hududiy boshqarmasi rahbarining na qonunlarga, na axloq va qadriyatlarga mos kelmaydigan harakatlari bizni chuqur larzaga soldi. Ushbu jinoiy harakat haqida bizga maʼlum boʻlgan vaqtidayoq u lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan tegishli sud hukmi chiqarilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan”, — deyiladi munosabatda.
Qonunchilikka koʻra, sudlar oʻz faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi, oʻz hukm-qarorlarini mustaqil ravishda chiqaradi. Shu sababli Adliya vazirligi sobiq xodimga nisbatan sud hukmini sharhlash vakolatiga ega emas.
Shu bilan birga, Adliya vazirligi yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ayollar hamda voyaga yetmaganlarni zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan oʻzgartirishlar toʻplami, keng jamoatchilik vakillari bilan bamaslahat, maromiga yetkazilgan holda qabul qilinganini eslatgan.
Ushbu oʻzgartirishlarga asosan, jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik yanada kuchaytirilmoqda, mazkur shaxslar uchun jazo tayinlashni yengillashtiruvchi holatlar, shu jumladan, jazoni oʻtash muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qoʻllash taqiqlangan. Mazkur qonun hozirda Senatda koʻrib chiqish uchun tayyorlanmoqda.
Adliya vazirligi jamiyatda xotin-qizlar, xususan, voyaga yetmagan va imkoniyati cheklanganlar huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan barcha faollar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini maʼlum qilgan.