Shifokor buyurgan tomchilatib tomirga yuboriladigan ukolni olish uchun bir soatga yaqin yotish kerak boʻldi. Garchi qishloqda internet tizimi mukammal boʻlmasa-da, vaqtni oʻtkazish uchun qoʻl telefonimda ijtimoiy tarmoqlarga kirib, xabar va axborotlar bilan tanishmoqchi boʻldim.
Qarangki, oilaviy poliklinikada internet tizimi benuqson va tezkor ishlar ekan. Bu ajablanishimga shifokor qisqacha izoh berdi: ”Bizda internet zoʻr! Internetning bunday ishlashi tizimni butunlay oʻzgartirib yubordi.
Hozir viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasidan turib eng chekka hududlardagi malakali tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni viloyat miqyosidagi tibbiy markazlarning shifokorlari koʻrikdan oʻtkazishadi, qanday davolash boʻyicha maslahat va tavsiyalar berishadi. Texnika taraqqiyotiga qarangki, endi bemor yoʻl bosib, viloyat markaziga borib oʻtirmaydi — shu yerning oʻzida kerakli muolajani oladi”.
Yosh shifokor yana ushbu tizim Sogʻliqni saqlash vazirligining korporativ portali imkoniyatlaridan va boshqa bir qator dasturiy taʼminotlardan foydalangan holda amalga oshirilayotganini ham eslatib oʻtdi.
Shifokor tilga olgan ayrim axborot atamalariga biz tengilarning unchalik tili qovushmasa-da, ana shu sehrli soʻz va atamalar ortida olamshumul — atigi besh yil oldin, hatto xayolimizga kelmagan yangiliklar mavjudligi sir emas.
Darhaqiqat, qisqa muddat ichida turmush tarzimizga koʻp yangiliklar — “masofaviy taʼlim”, “masofaviy davolash” kabi atama va usullar kirib keldi hamda amal qilmoqda.
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bugungi kunda tibbiyot sohasiga ham kirib keldi, hatto eng olis hududlardagi shifo maskanlarini ham qamrab olmoqda. Bunga Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni huquqiy asos boʻlyapti.
Ushbu farmonda davlat tibbiyot muassasalari va tashkilotlarini keng qamrovli (tomonlar kelishuviga muvofiq, tezligi yillik oʻsishi kamida 10 Mb/s inobatga olgan holda) internet tarmoqlariga viloyat miqyosida 2019-yil 1-martga qadar, tuman darajasida esa 2019-yil oxirigacha, barcha davlat tibbiyot muassasalarini esa 2021-yil oxirigacha ulash belgilangan.
Respublikamizning chekka hududlaridan biri — Xorazm viloyatida esa sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi barcha muassasalarga optik tolali aloqa liniyalarini tortish ishlari oʻtgan yilning oxirgi choragida yakuniga yetdi.
Hozirga kelib birlamchi tizim hisoblanmish — oilaviy poliklinika, qishloq vrachlik punkti va qishloq oilaviy poliklinikalarining 90 foizida yuqori tezlikka ega internet xizmatlaridan foydalanish yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa, oʻz navbatida, tizimda samaradorlikni taʼminlab, fuqarolarga tezkor va sifatli tibbiy yordam koʻrsatish darajasini keskin oshirdi.
Tizimdagi yangiliklar faqat shulardan iborat emas. Prezidentimizning 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan viloyatning Xonqa va Shovot tumanlari namunaviy hudud sifatida tanlab olinib, ushbu tumanlardagi birlamchi tibbiy maskanlarda “Yagona elektron karta”, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron retsept” kabi axborot tizimlari joriy etilmoqda.
Buning uchun mazkur ikki tumandagi birlamchi tizim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlash jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti.
Bu esa, oʻz navbatida, masofaviy tizim uzluksiz ishlashi, tibbiyot xodimi faoliyatini toʻgʻri va samarali tashkil etish hamda nazorat qilish, shifokor qabuliga navbatni tartibga solish, aholining elektron ambulator kartalarga ega boʻlishi, bemorlar boʻyicha tezkor va aniq maʼlumotlarni shakllantirish imkoniyatini beryapti. Pirovardida talay qogʻozbozlik va ovoragarchiliklarga chek qoʻyilyapti.
Eng asosiysi, toʻsatdan ogʻrigan bemor endi oʻz qishlogʻidagi tibbiy muassasada davolanar ekan, bir vaqtning oʻzida maxsus shifoxonalarning malakali shifokorlari nazoratida ham boʻladi. Bu esa uning tez sogʻayib ketishiga imkon yaratadi.
Roʻzimboy HASAN,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri