“Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Xorazm viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi holat fosh etildi.

Maʼlum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, bojxona va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Qoʻshkoʻpir tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi shaxs qoʻlga olingan.

Tekshiruv jarayonida avtoturargohda turgan, Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi 2001-yilda tugʻilgan shaxsning yuk sumkasi koʻzdan kechirilganda, undagi temir payvandlash uskunasi (svarka apparati) ichiga xufiyona tarzda yashirilgan giyohvandlik moddalari aniqlangan.

Xususan, uskuna ichida 1 kg 460 gramm “geroin” va 27 gramm “opiy” moddalari borligi maʼlum boʻlgan.

Tergovga qadar tekshiruvlar davomida ushbu shaxs mazkur giyohvandlik vositalarini muqaddam tojikistonlik narkosavdogarlardan olib, Xorazm viloyatida sotish orqali noqonuniy daromad topishni rejalashtirgani aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ushbu jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash boʻyicha tezkor chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.