Xorazmda yirik ekoturizm zonasi barpo etiladi

    Voqea-hodisalar 24 Aprel 2022 3439

    Xorazm viloyatining Bogʻot tumanida 156 gektar maydonda yangi ekoturizm zonasi yaratiladi.

    Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniy meros agentligi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan press-turda maʼlum oʻlishicha, ekoturizm zonasini tashkil etishda loyiha tashabbuskori sifatida “Qalajiq qalʼa Oazis ekoturizm” fermer xoʻjaligi ishtirok etyapti.

    Obyekt qurilishining birinchi bosqichi 2023-yilda tugatilishi kutilyapti, ikkinchi bosqich qurilishi tugatilishi esa 2025-yilga moʻljallangan. Obyektning umumiy qiymati 58 milliard soʻmni tashkil etadi.

    Turizm va madaniy meros vazirligining Xorazm viloyati bosh boshqarmasidan maʼlum qilinishicha, “Qalajiq Qalʼa Oazis”da ikki mehmonxona, ikki restoran, milliy uslubdagi uylar, konsert arenasi, hayvonot bogʻi, sogʻlomlashtirish markazi, suzish havzalari va 10 ta savdo punkti sayyohlarga xizmat koʻrsatadi.

    Shunisi quvonarliki, yangi obyekt qurilishining birinchi bosqichida Xorazm viloyatida 350 nafar yangi ish oʻrnining yaratilishiga olib keladi. Qurilish ishlari yakuniga yetganidan soʻng bu yerga yil davomida 36 ming nafar sayyohni jalb etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, sayyohlarning ushbu hududda qolish muddati 1,5 kunga uzaytiriladi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.