Xorijdagi oʻzbekistonliklar 1500-2000 dollardan kam maosh olsa, ular uchun shu yerda sharoit yaratishimiz kerak — prezident

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-oktyabr kuni Toshkent viloyatida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida mehnat migratsiyasi masalasiga toʻxtaldi.

    «Har safar kelganimizda har bir tuman, har bir shaharda rivojlanishi nima boʻladi, nimalarga eʼtibor berishimiz kerak degan savol koʻndalang turadi. Bugun sizlar bilan uchrashishimdan maqsad – Toshkent viloyati tajribasi nuqtayi nazaridan, Toshkent tumani misolida ishsizlikni yoʻq qilish, chet elda boʻlganlarni qaytarish, viloyatda boʻlgan 62 ming aholini kambagʻallikdan chiqarishni menga aytib berishdi.
    Mana, Toshkent viloyatidan 157 ming aholi chetda yuribdi. Mening eng katta maqsadim – ular agar 1500-2000 dollar olsa, nur ustiga nur, ularga koʻmakchi-yelkadosh boʻlamiz. Lekin undan kam oylik olsa, oʻzimizda sharoit yaratib ishlatsak, oʻylaymanki, ana shunda adolatli tizim boʻladi», dedi davlat rahbari.


    Marosimda jami 2 mlrd dollarlik 9 ta loyihaga start berildi.

    Xususan, Olmaliqda 1 mlrd dollarlik sanoat texnoparki, Yuqori Chirchiqda toʻqimachilik parki, Boʻkada quyosh elektr stansiyasi, Parkent va Piskentda esa energiya saqlash tizimlarini barpo etish ishlari boshlandi. Ohangaron va Boʻstonliq tumanlarida ikkita yangi GES, Yangiyoʻlda mineral oʻgʻit zavodi, Qibrayda eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash korxonasi ishga tushirildi.