Maʼlum qilinishicha, oldindan kuzatuvda boʻlgan 2003-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan, Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Nexia-3” avtomashinasi Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidan poytaxt tomon harakatlanib kelayotgan vaqtda Chilonzor tumanidagi “Erkin” YPX maskanida toʻxtatildi. Koʻzdan kechirish jarayonida avtomashina salonida sof ogʻirligi 4 kg 811 gramm “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda DXX Tergov boshqarmasi tomonidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Yana bir holatda, DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Andijon viloyati Marhamat tumani “Bobohuroson” MFY hududidan oʻtuvchi Oʻzbekiston–Qirgʻiziston davlat chegarasida tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda qirgʻizistonlik shaxs tomonidan chegara sim toʻsiqlari ustidan uloqtirilgan qogʻoz qutini qabul qilib olgan vaqtda 1985 va 1987-yillarda tugʻilgan ikki nafar mahalliy fuqaro ushlandi.
Quti tekshirilganda uning ichida 9988 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi maʼlum boʻldi.
Mazkur holat yuzasidan DXXning Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.