Xorijga chiqish biometrik pasportini Yagona portal orqali olish tartibi belgilandi

    Ijtimoiy hayot 7 Yanvar 2022 1029

    2022-yil 5-yanvarda qabul qilingan Hukumat qarori bilan Fuqarolarning xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza yuborish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

    Maʼmuriy reglamentga koʻra, xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun fuqarolar arizani oʻz xohishiga koʻra quyidagilardan biriga berishi mumkin:

    - IIVning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga kelgan holda;

    - davlat xizmatlari markazlariga kelgan holda;

    - Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali.

    Ariza berishda soʻrovnoma toʻldiriladi, soʻrovnomada xato maʼlumotlar koʻrsatilganda yoki hujjatlar toʻliq boʻlmaganida, kamchiliklarni bartaraf etish uchun ariza beruvchiga 5 ish kuni beriladi, xatolar bartaraf etilmasa soʻrovnoma rad etiladi.

    Ariza beruvchi arizasi qabul qilinganligi va fotosuratga tushish hamda qoʻl barmoq elektron izlarini olish uchun kelish kuni haqida 1 ish kunida xabardor qilinadi.

    Xorijga chiqish biometrik pasporti 10 ish kunida beriladi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.