Maʼmuriy reglamentga koʻra, xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun fuqarolar arizani oʻz xohishiga koʻra quyidagilardan biriga berishi mumkin:

- IIVning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga kelgan holda;

- davlat xizmatlari markazlariga kelgan holda;

- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali.

Ariza berishda soʻrovnoma toʻldiriladi, soʻrovnomada xato maʼlumotlar koʻrsatilganda yoki hujjatlar toʻliq boʻlmaganida, kamchiliklarni bartaraf etish uchun ariza beruvchiga 5 ish kuni beriladi, xatolar bartaraf etilmasa soʻrovnoma rad etiladi.

Ariza beruvchi arizasi qabul qilinganligi va fotosuratga tushish hamda qoʻl barmoq elektron izlarini olish uchun kelish kuni haqida 1 ish kunida xabardor qilinadi.

Xorijga chiqish biometrik pasporti 10 ish kunida beriladi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.