Suv — bebaho neʼmat. Bugun butun dunyoda unga talab va ehtiyoj kuchaymoqda. Iqlim oʻzgarishi, global isishning taʼsiri, sanoatning jadallashuvi va boshqa omillar tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida ham suv resurslarining shakllanish jarayoni oʻzgarib, obihayot taqchilligi sezilarli darajada ortib boryapti.
Ana shunday global sharoitda Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi, suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini taraqqiy ettirishning 2021-2023-yillarga moʻljallangan strategiyasi ishlab chiqilgani, ularni hayotga tatbiq etish boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilayotgani oʻz samarasini bermoqda.
Baxtiyor KAMOLOV,
Suv xoʻjaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi direktori
— Davlatimiz rahbarining 2021-yil 6-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Suv xoʻjaligi vazirligi huzurida Suv xoʻjaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi tashkil etildi.
Markazga xalqaro moliya institutlarining investitsiya va texnik koʻmak mablagʻlarini jalb qilish orqali sohada irrigatsiya tizimlari hamda suv havzalarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, suv taʼminotini va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, foydalanishdan chiqib ketgan qishloq xoʻjaligi yerlarini qayta foydalanishga kiritish, resurs tejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish kabi vazifalar yuklatilgan.
Hozirgi kunda markaz tomonidan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi kabi yirik xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda kredit, grant hamda texnik koʻmak mablagʻlari maqsadli oʻzlashtirilmoqda.
Oʻtgan 2021-yilni misol keltiradigan boʻlsak, 5 ta xorijiy investitsiya loyihasi doirasida 140,1 million dollar oʻzlashtirildi. Buning natijasida 555 kilometr kanal va ulardagi 353 ta gidrotexnik inshoot rekonstruksiya qilindi, 92 ta vertikal sugʻorish qudugʻi burgʻilandi. Loyihalar amalga oshirilgan hududlarda 800 million soʻm ekspluatatsiya mablagʻlari iqtisod qilinishiga, irrigatsiya tizimi kanallarining foydali ish koeffitsiyentini 15 foizga oshirishga, 80 million kub metr suvni tejashga erishildi.
Xususan, Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi umumiy qiymati 145,5 million dollarga teng boʻlgan “Xorazm viloyati Toshsoqa tizimidagi magistral sugʻorish kanallarini qayta tiklash” loyihasi boʻyicha taʼmirlangan obyektlar 2021-yilda toʻliq foydalanishga topshirildi. Natijada Urganch, Bogʻot, Qoʻshkoʻpir, Xonqa, Shovot, Xiva va Hazorasp tumanlarida 191,3 ming gektar sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminoti hamda 100 ming gektar yerlarning meliorativ holati yaxshilandi.
Jahon banki ishtirokida “Fargʻona vodiysida suv resurslarini boshqarish. 2-bosqich” loyihasi doirasida Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon va Chortoq tumanlarida 61,9 kilometr uzunlikdagi magistral va xoʻjaliklararo sugʻorish kanallari, ularning inshootlarini taʼmirlash-tiklash ishlari olib borildi. Buning natijasida
11,9 ming gektar maydon kafolatlangan suv bilan taʼminlandi hamda 200 gektar maydon qayta foydalanishga kiritildi. Shu bilan birga, yuqoridagi tumanlarda 105 dona yangi tik sugʻorish quduqlari qurildi va 1000 gektardan ziyod maydonlarning suv taʼminoti yaxshilandi.
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida 480 kilometr uzunlikdagi sugʻorish kanallariva 200 dan ortiq gidrotexnik ishnootlar rekonstruksiya qilindi, 31kilometr uzunlikdagi “Oʻng qirgʻoq” kanali qisqa muddatlarda loyqadan tozalanib, ekspluatatsiya tashkilotiga foydalanishga topshirildi.
2022-2024-yillarda Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 95 ta nasos stansiyacini modernizatsiya qilish boʻyicha umumiy qiymati 146 million yevroga teng boʻlgan kredit mablagʻlari hisobidan 355 ming gektar ekin maydonlarini kafolatli suv bilan taʼminlash, 40 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, 95 ta nasos stansiyalaridagi 455 ta agregat, elektr va yordamchi qurilmalarni yangilash va avtomatlashtirilgan SCADA boshqaruv tizimini joriy qilish koʻzda tutilgan. Buning natijasida modernizatsiya qilingan agregatlarning foydali ish koeffitsiyenti 10-15 foizga koʻtariladi, yiliga 40 million kVt elektr energiyasi iqtisod qilinadi, ekspluatatsiya va elektr energiyadan
30 milliard soʻm mablagʻlar tejaladi.
Joriy yilda xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilayotgan 6 ta loyiha doirasida 160 million dollar oʻzlashtiriladi,
787 dona gidrotexnik inshoot va 263 km kanallar qayta tiklanadi, 171 ta koʻprik quriladi va yangi 35 ta tik quduq burgʻilanadi.
Markaz tomonidan Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan olib borilgan muzokaralar natijasida 2022-yilda jami 350 million dollar qiymatida bitimlar imzolanishi koʻzda tutilgan. Buning natijasida Surxondaryo viloyatining “Bobotogʻ” va Buxoro viloyatining “Jondor” sugʻorish kanallari qayta rekonstruksiya qilinadi. Natijada “Jondor” kanalining irrigatsiya tizimi samaradorligi 88 foizga, Bobotogʻ kanalida esa bu koʻrsatkich
90 foizga oshiriladi. Jondor tumanida 7 ming 980 gektar, Bobotogʻ hududida esa 1 ming 546 gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritiladi.
Shu bilan birga, Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlarida 118 ta nasos stansiyasi modernizatsiya qilinib, jami 88 ming 590 gektar sugʻoriladigan yerlarga kafolatlangan suv yetkazib berilishi taʼminlanadi hamda qishloq xoʻjaligida 19 000 nafardan ziyod qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Yiliga 117,3 million kVt elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishiladi.
Ahmad ABDULHAMID,
Jahon bankining loyiha rahbari
— Bugungi kunda Oʻzbekistonda suv xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan loyihalardan nafaqat ushbu mamlakat, balki Jahon banki ham bevosita manfaatdor ekanligini mamnuniyat bilan qayd etish joiz. Xorijiy investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi Jahon banki uchun oʻziga xos tashrif qogʻozi, jarayonlar uchun esa akselerator vazifasini bajarib kelmoqda.
Yaʼni, moliyalashtiruvchi tashkilotlar mazkur konsepsiya orqali Oʻzbekistonning ushbu soha boʻyicha kelgusi reja va maqsadlari toʻgʻrisida yaqqol tasavvurga, shu bilan birga, tahlilga, prognozga ega boʻlib, bu oʻz navbatida kredit xatarlarini kamaytirishda sezilarli omil boʻlib xizmat qilayapti.
Men Oʻzbekiston bilan Jahon banki oʻrtasidagi hamkorlik strategiyasiga 1 milliard dollardan ziyod loyihalar kiritilishini qoʻllab-quvvatlayman. Mazkur loyihalarni amalga oshirish orqali konsepsiyada belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha olib boriladigan ishlar Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrinlariga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Yasmin SIDDIQIY,
Osiyo taraqqiyot bankiningMarkaziy Osiyo va Kavkaz boʻyicha departamenti boshligʻi
— Dunyoda sodir boʻlayotgan global isish va uning natijasida kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishlari Oʻzbekiston hayotining barcha jabhalariga, xususan, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jarayonlarga bevosita taʼsir qilmoqda. Yaqin kelajakda oʻrtacha haroratning koʻtarilishi tufayli jiddiy salbiy ekologik oqibatlarning yanada kuchayishi ehtimoli bor.
Ana shunday salbiy taʼsirlarni yumshatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarning oʻz muddatlarida bajarilishi muhim oʻrin tutadi, deb hisoblayman.
Iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Orol dengizi havzasida iqlim oʻzgarishiga moslashishni hisobga olgan holda suv resurslarini boshqarish” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, tomonlar mazkur loyihani ishga tushirish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish hamda iqlim oʻzgarishlarini inobatga olgan holda, istiqbolli loyihalarni yanada koʻproq yoʻnaltirishga tayyor.
Matilda DIMOVSKI,
BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakoltxonasi rahbari
— BMT Taraqqiyot dasturi Oʻzbekistonda bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, Oʻzbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish loyihasi asosida 2016-2020-yillarda Fargʻona, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida suv xoʻjaligi sohasini rivojlantirish uchun 5,5 million AQSH dollari qiymatida investitsiyalar oʻzlashtirildi.
Mazkur loyiha doirasida ekskavatorlar sotib olindi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining oʻquv xoʻjaligida tajriba maydonchasi barpo qilindi, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarning afzalliklarini namoyish etish maqsadida 10 gektar maydonda yomgʻirlatib sugʻorishning avtomatlashgan tizimi oʻrnatildi. Mazkur taʼlim dargohi hamda vazirlik huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyalari suv sarfi va oqim tezligi, ochiq suv oqimi oʻzanining morfologiyasini, suvning sifati va haroratini oʻlchash uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Suv oʻlchash ishlarini olib borish uchun 24 dona elektron nivelir hamda 9 ta “SonTek S5” rusumli dopler uskunalari sotib olindi va suv xoʻjaligi tashkilotlariga taqdim etildi.
Oldimizda turgan vazifa suv xoʻjaligi tizimidagi infratuzilma obyektlarini taʼmirlash-tiklash, ularning foydali ish koeffitsiyentini oshirish, va albatta, suv taqchilligining oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yanada keng targʻib qilish, aholining suvdan foydalanish madaniyatini oshirishga hissa qoʻshishdir.
Karolina MILOVA,
Germaniyaning “Yashil Markaziy Osiyo” mintaqaviy loyihasi rahbari
— Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlarida, shu jumladan, Oʻzbekistonda suv resurslaridan oqilona foydalanish, uni qadrlash, asrash va sohada kadrlar malakasini oshirish borasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, oxirgi 4 yilda Yevropa Ittifoqi loyihasi doirasida huquqiy-qonuniy bazani takomillashtirish, suv sohasiga oid huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni yanada kengaytirish masalalarida keng koʻlamli ishlar bajarildi.
Shuni taʼkidlab oʻtishim kerakki, GIZ tomonidan bugungi kunda Oʻzbekistonda suv resurslarini prognozlash va hisobga olish tizimini takomillashtirish, maʼlumotlar sifatini yaxshilash hamda suv kadastrini tashkil etish ishlari qoʻllab-quvvatlanmoqda.
2016-2020-yillarda qiymati 13,3 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan 36 dona texnika pilot hudud sifatida tanlangan Fargʻona, Andijon, Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi suv xoʻjaligi tashkilotlariga yetkazib berildi.
Shuningdek, Fargʻona, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida 800 ta kichik oʻlchamli gidropost qurildi hamda suv isteʼmolchilari uyushmalari (SIU)da suv hisobi monitoringini olib borish va maʼlumotlarni uzatish uchun oʻlchash uskunalari oʻrnatildi. 6 ta tajriba uchastkasida umumiy maydoni 53,2 gektar boʻlgan avtomatlashgan tizimdan foydalangan holda, tomchilatib sugʻorishning tajriba maydonlari, vazirlikda suv kadastri maʼlumotlarini boshqarish tizimi yaratildi, 4 ta server va 120 dan ortiq kompyuterlar taqdim etildi. Suv kadastrini yuritish uchun ArcGIS litsenziyalangan dasturiga ega boʻlgan 47 ta maxsus kompyuter va suv sarfini oʻlchash maxsus uskunalari yetkazib berildi.
Oʻzbekiston Respublikasidagi gidrotexnika inshootlarining texnik holati va xavfsizligi monitoringini takomillashtirish loyihasi asosida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tamonidan 2018-2019-yillar davomida 178,8 ming AQSH dollari qiymatiga teng loyiha hisobidan “Davsuvxoʻjaliknazorat” davlat inspeksiyasi bir qator zarur qurilma va asbob-uskunalar bilan taʼminlandi.
GIZ ayni kunda Oʻzbekistonning suv xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha konsepsiya va strategiyada belgilangan vazifalarni hisobga olgan holda, 2022-2023-yillarga moʻljallangan loyihalar ustida ish olib bormoqda.
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri