Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “S.L.” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasi sobiq bosh hisobchisi N.Ye. 2020-yil va joriy yilning oʻtgan 5 oyida korxonaning jami 8,7 mlrd soʻm mablagʻini oʻzining shaxsiy plastik kartasiga oʻtkazib talon-toroj qilganligi, shuningdek jinoiy yoʻl bilan orttirgan daromadiga qonuniy tus berish maqsadida 478 726 AQSH dollari xarid qilib, shundan 214 926 AQSH dollarini Moskva shahridagi bankomatlardan naqdlashtirib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarini legallashtirganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.