O'zbekiston nafaqat ko'p millatli davlat, balki chet el fuqarolari ta'lim oladigan maskanga aylanib bormoqda. Bugungi kunda yurtimizda 4730 nafar xorijlik talaba turli yo'nalishlarda tahsil olyapti. Ular o'rtasida o'zbek tilida so'zlashishga qiziqish ortib, aksariyati zabonimizdan muloqot vositasi sifatida keng foydalanayotgani juda quvonarli hol.
Mamlakatimiz hayotidagi muhim sana — 21-oktyabr — O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan tashkil etilayotgan turli tadbirlarda tilimizni ishtiyoq bilan o'rganayotgan chet elliklar ham faol ishtirok etmoqda. Bu jihat Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tashabbusi bilan yurtimizda ilk bor xorijiy davlat fuqarolari bo'lgan talabalar o'rtasida o'tkazilgan “O'zbek tilida notiqlik san'ati” ko'rik-tanlovida ham yaqqol namoyon bo'ldi.
Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda qator tashkilotlar hamkorligida bo'lib o'tgan ko'rik-tanlovda Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Afg'oniston, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlardan kelib mamlakatimiz oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar qatnashdi.
Ular orasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2-bosqichida ta'lim olayotgan xitoylik Ye Xanven ham bor. O'zbekistonda o'qish uchun grantni qo'lga kiritgan bu yigit o'zbek tilini o'rganishni bir yil avval boshlaganiga qaramay, ona tilimizda erkin so'zlasha oladi. Ayniqsa, Alisher Navoiy g'azallari, Erkin Vohidov she'rlarini mehr bilan o'qishi ko'pchilik hamyurtlarimizni hayratga soladi. U kelgusida xitoylik talabalarga o'zbek tilidan dars berishni maqsad qilgan. So'zga chechan yigit tanlovda 2-o'rin sohibiga aylandi.
— O'zbek tiliga qiziqishim tasodifan paydo bo'lmagan, — deydi Ye Xanven. — Pekin chet tillar universitetida o'qiyotganimda bizga o'zbek tili darsi o'tilar edi. O'shanda fan ustozimning dars o'tishlari, bu tilning o'ziga xos jozibadorligi menda katta taassurot qoldirgan. Hozir ham o'zbek tilida so'zlashish men uchun juda qiziqarli. Bitta so'zning ko'plab sinonimlari mavjudligi, kayfiyat, holatga qarab turli so'zlarni qo'llash imkoniyati menga juda yoqadi. To'g'ri, o'zbek tili xitoy tiliga deyarli o'xshamaydi, ammo kuchli istak va qunt bo'lsa, bu tilni yaxshi o'rganish mumkin ekan.
Ko'rik-tanlovda har bir talaba o'zining o'zbek tilida so'zlashish qobiliyatini nafaqat ravon nutqi bilan, balki xalqimiz og'zaki ijodidan sara namunalarni keltirib o'tishi orqali ham namoyon etdi. Jumladan, amerikalik Karter Xallning esa o'zbek tili shevalarini o'rganishga ishtiyoqi baland. Bu borada ayrim izlanishlarni ham boshlab yuborgan. U Toshkent shevasida gapirishi bilan barchani hayratga soladi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tahsil olayotgan bu yigit tanlovda 1-o'ringa loyiq ko'rilgan talabalardan biri bo'ldi.
Tanlov shartlari xorijlik talabalarga u qadar qiyinchilik tug'dirmadi. O'zbek tilini ma'lum muddat davomida o'rganib kelayotgan yoshlarning birinchi shartda ona tilimizni qanchalik darajada bilishi, orfoepik to'g'ri talaffuzi, nutqi va tanlangan mavzuni yoritib berish mahorati sinovdan o'tkazildi. Ikkinchi shartda esa ishtirokchilar tarix, adabiyot, o'zbek milliy urf-odatlari targ'ib qilingan, ijodiy yondashilgan taqdimotlarini namoyish qildi. Har bir taqdimot hakamlar tomonidan ijobiy baholandi. SHunday bo'lsa-da, tanlov talabiga ko'ra, eng yuqori ball to'plagan talabalar orasidan 3 nafardan birinchi, ikkinchi va uchinchi o'rinlar g'oliblari aniqlandi.
— O'zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimiz hayotidagi muhim hodisa, mustaqillikka erishish yo'lidagi katta odimlardan biri bo'lgani shubhasiz, — deydi TDIUning Xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Dilshodjon Rahmonov. — Bu ona tilimizning bor go'zalligini namoyon etish barobarida, tarixiy ildizlarini o'rganish, ilmiy asosda rivojlantirishga yo'l ochdi. Bugungi kunga kelib, o'zbek tili xorijliklarda katta qiziqish uyg'otmoqda. Yuqoridagi kabi tanlovlarni o'tkazishda ham yurtimizda yashab, tahsil olayotgan chet ellik talabalar va fuqarolar o'rtasida o'zbek tiliga hurmat va muhabbat tuyg'ularini ommalashtirish, boshqa millat vakillariga ona tilimizni o'rganishlarida yaqindan yordam berishni maqsad qilganmiz.
Xorijlik yosh do'stlarimiz o'zbek tilida go'zal kuy-qo'shiqlar ijro etishni ham xush ko'radi. Ko'pchiligi sevimli shoirlarimizning qator she'rlarini yoddan biladi. Ular kelgusida til vositasi orqali mamlakatlarimiz o'rtasidagi madaniyat, san'at va boshqa yo'nalishlardagi do'stona aloqalarni yanada mustahkamlashga hissa qo'shishiga ishonamiz.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri