Bu haqda Oliy taʼlim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur kurslarda oʻzbek tili eng zamonaviy usul va vositalar yordamida, til oʻrganuvchilar xohishiga koʻra kichik, oʻrta guruhlarda yoki individual oʻrgatiladi.
Shuningdek, tadbir doirasida universitet oʻqituvchilari tomonidan yaratilgan “Xorijliklar uchun oʻzbek tili”darsligining taqdimoti ham boʻldi.
A1 daraja uchun moʻljallangan ushbu darslik oddiydan murakkabga tomon mantiqan uzviylikda tuzilgan 12 mavzudan iborat boʻlib, tinglovchi harflardan jumla tuzishgacha boʻlgan yozish, gapirish, oʻqish, tinglash koʻnikmalarni egallashga imkon yaratadi. Har bir mavzu oxirida tinglovchi oʻz bilimlarini tekshirishi va mustahkamlashi uchun maxsus test topshiriqlari beriladi.
Ushbu darslik shu yoʻnalishda yaratilgan mavjud oʻzbek tili qoʻllanmalaridan inglizcha koʻrsatma va izohlarning berilishi, har bir darsda ishlatilgan soʻzlarning ingliz tilidagi tarjimasi koʻrsatilgani bilan ajralib turadi.
Kitobga ilova etilgan audio-vizual materiallar oʻzbek tili fonetikasining oʻziga xos xususiyatlari, shuningdek, matnlarda aks etgan dialoglar orqali turli situativ holatlarda ishlatiladigan leksik qatlam bilan tanishadi.
Kitob nafaqat oʻzbek tilini, balki oʻzbek madaniyatini ham oʻrganishga yordam beradi.