Xorijlik tadbirkorning 10 milliard soʻm mablagʻini talon-toroj qilib yashiringan jinoyatchi ushlandi

    U oʻgʻit yetkazib berishga vaʼda berib xorijlik hamkoridan pulni olgach, uni oʻz ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan va yashirinib yurgan.

    Turkiya davlati fuqarosi, tadbirkor R.I.ga oʻzini «nitrat ammoniy selitra» ishlab chiqaruvchi korxona egasi deb tanishtirgan M.M. ismli shaxs oʻgʻit mahsulotlarini Turkiya davlatiga eksport qilish toʻgʻrisida kelishib, turkiyalik R.I.ga selitra oʻgʻit mahsulotlari solingan maxsus qoplarning fotosurat va videolarini koʻrsatib, uni aldab, ishonchiga kirib, jami 887,5 ming AQSH dollari (9,6 mlrd soʻm) miqdoridagi pullarni qoʻlga kiritgan va shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

    Ushbu holat yuzasidan M.M.ga nisbatan OʻzR Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va M.M. tergovdan yashiringanligi sababli qidiruv eʼlon qilingan edi.

    IIV Kiberxavfsizlik markazi tomonidan axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanib oʻtkazilgan tadbirlar natijasida, ushbu jinoyatni sodir etgan Fargʻona viloyatida, Qoʻqon shahrida yashovchi 34 yoshli M.M. Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududida yashirinib kelayotganligi aniqlanib, qoʻlga olindi.

    Jinoyatchi M.M. qamoqqa olinib, unga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Qonunga muvofiq, M.M. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.