Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxona vakillari, 200 ga yaqin vatandoshlar hamda ularning jamoat birlashmalari rahbarlari, siyosiy arboblar, sanʼat va madaniyat xodimlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Ushbu tadbir Fondning Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasi oqali toʻgʻridan-toʻgʻri havola etildi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar yurtimiz sarhadlarida xizmat qilayotgan mard, fidoyi oʻgʻlonlarni, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yillik shodiyonasi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy qutladi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston va Tojikiston xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofoti sovrindori, “Vatandoshlar” jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Sherali Joʻrayev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Vatandoshlar” jamoat fondi Vasiylik Kengashi aʼzosi Xurshid Doʻstmuhammad, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi dotsenti, ciyosiy fanlar nomzodi Tursunmurod Mamatqobilov, Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi, siyosiy fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Mansur Musayev hamda xorijdagi vatandoshlar ishtirok etdi.

Shu bilan bir qatorda, tadbirda xorijda istiqomat qilayotgan, mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz faol ishtirok etib, bayram munosabati bilan oʻz tabriklarini yoʻllashdi. Irlandiyadan Dilnoza Babayeva, Xitoydan Dildora Rahimova, Turkiyadan Akbar Yassa, Osman Beg, Surayyo Xodjayeva, Chokar Kochay, Rossiya Federatsiyasidan Rahim Islamov, Obid Turatov, Isroildan Polina Xaliyevalar shular jumlasidandir.

Shuningdek, tadbir davomida xorijdagi vatandoshlarni “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” loyihasining muhokamalari davom etayotganligi va ushbu muhokamalarda xorijdagi vatandoshlarimizning fikrlari muhimligini inobatga olgan holda muhokmalarda jamoatchilik.uz, regulation.gov.uz, 2022-2026.strategy.uz portallarida oʻz taklif va munosabatlarini qoldirishda faol ishtirok etishga chaqirildi.