Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fuqarolarni xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq bir qator firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi.

Jumladan, Toshkent shahrida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs tanishlari orqali Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 6 nafar fuqaroning Slovakiya Respublikasiga ishga yuborish evaziga 145 million so‘m talab qilgan. U oldindan 85 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holatda Toshkent shahrida xorijiy davlatlarga viza olish bo‘yicha konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi MChJ rahbari poytaxtda yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga aldov yo‘li bilan kirib, unga viza rasmiylashtirish orqali Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilgan. U mazkur xizmat evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.


Shu kabi holat Toshkent viloyatida ham qayd etildi. Zangiota tumanida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan ayol Angren shahrida istiqomat qiluvchi, 2000-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga aldov yo‘li bilan kirib, viza rasmiylashtirgan holda uni Janubiy Koreyaga ishlash uchun yuborish evaziga 5 900 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur holatlarning barchasi yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.